AQSH davlat kotibi Samarqandga keldi
AQSH davlat kotibi Marko Rubioni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Marko Rubio Samarqandda “Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) formatidagi vazirlar uchrashuvida mintaqadagi hamkasblari bilan AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ertaga Samarqandda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda AQSH davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Mazkur tadbirda qatnashish uchun ikki yuzdan ortiq amerikalik tadbirkorning O‘zbekistonga kelishi AQSH biznes vakillarining mamlakatimizga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Dunyodagi nufuzli ommaviy axborot vositalari Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi va “C5+1” formatidagi uchrashuvni Vashingtonning mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, strategik sheriklikni mustahkamlash va mintaqadagi ishtirokini kuchaytirishga intilayotgani bilan izohlamoqda.
G‘.Hasanov,
S.O‘rmonov (surat), O‘zA