Samarqandda yana bir xalqaro forum o‘tkaziladi
2026-yil 20-21-aprel kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tomonidan BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish: salomatlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish” mavzusida global forum o‘tkaziladi.
Forumni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad:
- narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish;
- ilg‘or xalqaro tajribani tizimli o‘rganish va amaliyotga joriy etish;
- zamonaviy narkotahdidlarga qarshi kompleks yondashuvlarni ishlab chiqish;
- giyohvandlikka qarshi kurashda davlatlararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Interpol, Yevropa Ittifoqi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Jahon bojxona tashkiloti va boshqa 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot, 50 ga yaqin davlatdan huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, 500 ga yaqin xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda.
Forum davomida:
- narkotik vositalar noqonuniy aylanmasining global va mintaqaviy tendensiyalari;
- yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida profilaktika tizimini takomillashtirish;
- davolash, reabilitatsiya va ijtimoiy reintegratsiya jarayonlarini rivojlantirish;
- raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektdan samarali foydalanish masalalari muhokama qilinadi.
Tashkilotchilarning qayd etishicha, mazkur forum xalqaro va mintaqaviy darajada samarali hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish, narkotahdidlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA