Samarqandda Navro‘z ko‘tarinki ruhda nishonlandi
Mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z shukuhi kezmoqda. Samarqand viloyatidagi bog‘ va xiyobonlar, mahallalarda ham bayram sayllari o‘tkazilmoqda.
Asosiy tadbirlar Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir” shiori ostida umumxalq sayli tarzida o‘tkazildi.
Mahallalar, korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari, viloyatdagi milliy-madaniy markazlar tomonidan qadimiy bayramga xos ezgu an’ana va qadriyatlar namoyish etildi, xalq o‘yinlari va sport musobaqalari, ko‘rgazmalar uyushtirildi.
Viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, faollar ko‘rgazmalarni tomosha qilib, sayil qatnashchilarini bayram bilan tabrikladi.
Bog‘dagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida bayram munosabati bilan badiiy dastur namoyish etildi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi A.Boboyev so‘zga chiqib, sayil ishtirokchilari va barcha samarqandliklarni bayram bilan tabrikladi.
– Bu yil viloyatimiz ahli Navro‘zni o‘zgacha quvonch va shodu xurramlikda nishonlamoqda – dedi A.Boboyev. – Bayram arafasida davlatimiz rahbarining Samarqandga tashrif buyurib, viloyatimizni yanada rivojlantirish va barcha sohada mamlakatimizning namunali hududiga aylantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalarni belgilab berishi barchamizga o‘zgacha g‘ayrat-shijoat bag‘ishladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasining ochilishi, Samarqand shahrida yoshlar kreativ shaharchasi va jamoat bog‘ining foydalanishga topshirilgani va yuzdan ortiq yangi loyihalarning ish tushirilgani, qurilish ishlari boshlangani ham xalqimizga Ramazon hayiti va Navro‘zga juda katta sovg‘a bo‘ldi. Muhimi, viloyatimiz uchun ajratilgan salmoqli mablag‘ va berilgan imkoniyatlar asosida bu yil kamida 9 foizli iqtisodiy o‘sish qilib, yalpi hududiy mahsulotni 144 trillion so‘mdan oshirish, 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Nasib etsa, bu vazifalarni sizlar bilan birga bajarib, viloyatimizni chinakam namunali hududga aylantiramiz, hurmatli Prezidentimiz va xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
[gallery-28292]
Bayram dasturida Navro‘zga xos qadriyat va an’analar sahna ko‘rinishlari tarzida namoyish etildi. Samarqandlik va poytaxtdan kelgan san’atkorlar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro qilindi.
Navro‘z sayillari viloyatning shahar va qishloqlarida davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari