Yangi bino qurilishi boshlandi
Nukusda Innovatsion texnologiyalar universitetining yangi binosini bunyod etish ishlari boshlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari B.Otemuratov ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida yoshlarni har tomonlama bilimli insonlar etib tarbiyalash, ularning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada, davlat ta’lim muassasalari bilan birga, nodavlat ta’lim maskanlari sonini oshirish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ham samarali ishlar olib borilmoqda. Shunday chora-tadbirlarning davomi sifatida Innovatsion texnologiyalar universiteti yangi binosiga tamal toshi qo‘yilishini qayd etish mumkin.
Yangi barpo etiladigan o‘quv majmuasida 10 ming nafar talaba tahsil olishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, 1000 o‘rinli talabalar yotoqxonasi, sport zali va maxsus maydonchalar, o‘quv-laboratoriya xonalari quriladi hamda talabalar uchun barcha qulay sharoitlar yaratiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA