Samarqandda “Media haftalik” boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Media haftalik” tadbirlari 27-aprel – 1-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Bugun Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida start olgan haftalik ochilishida Samarqand viloyati hokimligi, ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, jurnalistlar uyushmasi mas’ullari ishtirok etib, haftalik ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so‘ng media haftalik mashg‘ulotlari boshlandi. Taniqli media ekspertlar, kontent markazi xodimlari va jurnalistlar tomonidan O‘zbekiston bosma mediasidagi kontent: amaliyot, muammo va yechim, Prezident faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritishning asosiy yo‘nalishlari, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy tarmoqlardagi amaliyotidan keyslar tahlili kabi mavzular bo‘yicha fikr almashildi.
[gallery-29006]
– Media haftalik shunchaki o‘quv seminar emas, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar, kontent tayyorlash bilan shug‘ullanuvchilar uchun o‘zaro tajriba, fikr almashish maydoni vazifasini o‘tamoqda – deydi media ekspert Eldor Asanov. – Bu maydonda ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar va keyslarga alohida e’tibor qaratyapmiz, bir-birimizdan o‘rganyapmiz, tajribalarimizni bo‘lishyapmiz. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar, ma’lumotlar va tahliliy materiallarni e’lon qilishning huquqiy, axloqiy masalalari yuzasidan hamkasblarimizga tushuncha berishga harakat qilyapmiz.
Mashg‘ulotlarda viloyatda faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar, bosma va internet jurnalistikasi, televideniye va radio vakillari, axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari