Samarqand shahri va viloyatning ayrim tumanlari chegaralari o‘zgartirilmoqda
Senat yalpi majlisida Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Samarqand shahri hududini kengaytirish, uning investitsion va turistik jozibadorligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali sanoat va zamonaviy xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish maqsadida Senat qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Samarqand shahri viloyatda aholi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Shahar chegaralarining kengayishi aholi zichligini kamaytirish, transport qatnovini yaxshilash, tirbandliklarning oldini olish va zamonaviy shahar infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Samarqand shahri tarkibiga 17 ming 226,5 gektar yer maydoni qo‘shilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, ma’muriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumanini tugatish va 28 ming 295 gektar yer maydonini Toyloq tumaniga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida ko‘rilayotgan masalaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, shahar aholisi soni 880 mingga yetib, “aholisi bir million bo‘lgan shahar” maqomiga yaqinlashishi, yangi yer maydonlarida kichik sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etilishi, xizmat ko‘rsatish, turizm va qurilish sohalarida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi qayd etildi.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlarini saqlab qolish va ekologik muvozanatni ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berildi. O‘tkazilayotgan 6 ming 263 gektar yer maydonining toifalari o‘zgartirilmay saqlab qolinmoqda.
Mazkur masala tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari shahar va tuman kengashlari hamda viloyat kengashida keng muhokama qilinib, ma’qullangan.
Senatorlar viloyat chegaralarining o‘zgartirilishi Samarqand shahrining me’moriy qiyofasini yaxshilash, xorijiy va mahalliy investorlar uchun shaharning jozibadorligini oshirish, turizm salohiyatidan samarali foydalanish uchun imkoniyat yaratish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni ta’minlash, shuningdek, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokamadan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA