Koreys tili va texnologiyani bilgan kadrlarga talab ortmoqda
Bugun biror tilni bilish faqat muloqot vositasi emas, balki yangi kasb va yangi ish o‘rinlariga yo‘l ochadigan ko‘nikmaga ham aylanmoqda.
Ayniqsa, xalqaro kompaniyalar xizmatlarini boshqa davlatlarga autsorsing qilayotgan bir paytda xorijiy tilni biladigan, zamonaviy texnologiyalardan foydalana oladigan mutaxassislarga talab ortib bormoqda.
O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Janubiy Koreyaning “KS JOB INC.” kompaniyasi bilan “BPO” loyihalari uchun mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

Koreyada Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov va “IT Park Uzbekistan” ijrochi direktori Jahongir Rajabov “KS JOB INC.” bosh direktori Degun Xur bilan uchrashdi.
Muloqotda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, koreys tilini biladigan mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan kontakt-markazlar — “AICC” va biznes-jarayonlarni autsorsing qilish — “BPO” yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, sentabr oyida Toshkentda BPO sohasida ishlash uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan koreys tilini o‘qitish markazi ish boshlagan. Keyinchalik O‘zbekistonda tayyorlangan, koreys tilini biladigan kadrlarni Koreya Respublikasi mijozlari uchun “AICC va BPO” loyihalariga jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunida mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi Anglashuv memorandumi imzolandi.
Shuningdek, “KS JOB INC.”ning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun “Zero Risk” dasturidan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Autsorsing sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Bu hamkorlikning yana bir jihati — mahalliy kadrlar uchun yangi ish imkoniyatlarining paydo bo‘lishi. Koreys tili va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar nafaqat mahalliy, balki xalqaro “BPO” loyihalarida ham ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA