Samarqand noni, Marg‘ilon adrasi kabi milliy brendlarimiz xalqaro maydonda himoya qilinadi
Milliy brendlar har bir xalqning, millatning faxri, iftixori, yuzi hisoblanadi. O‘z milliyligining namoyoni sanaladi. Yurtimizda ham Chust pichog‘i, Samarqand noni, G‘ijduvon shashligi kabi joy nomlari bilan mashhur mahsulotlari brendga aylangan.
2022-yilda qabul qilingan geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi qonunga asosan Adliya vazirligi tomonidan Marg‘ilon adrasi, Zomin tandir go‘shti, G‘ijduvon shashligi, Chust pichog‘i, Oltiariq va Parkent uzumi kabi 24 ta geografik ko‘rsatkichlarimiz ro‘yxatga olingan. Endilikda ular qatoriga yana 49 ta brendimiz qo‘shiladi hamda ular dunyo miqyosida huquqiy himoyaga ega bo‘ladi.

Shu maqsadga qaratilgan “Kelib chiqish joy nomlari va geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi Lissabon bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 2015-yil 20-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun loyihasi quyi palata majlisida muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda intellektual mulkni muhofaza qilish, milliy mahsulot va brendlarni xalqaro miqyosda ishonchli himoyalash borasidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Lissabon bitimining Jeneva akti tovar kelib chiqqan joy nomlari va geografik ko‘rsatkichlarni xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona mexanizmini belgilaydi. Mazkur tizimga qo‘shilish orqali O‘zbekiston geografik ko‘rsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlarini xalqaro miqyosda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha Lissabon tizimining to‘laqonli ishtirokchisiga aylanadi.
Shartnoma bir martalik ro‘yxatdan o‘tish va bir marotaba to‘liq bojni to‘lash orqali barcha ishtirokchi davlatlarga geografik ko‘rsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlarini nomuayyan muddat davomida muhofaza etilishi imkonini beradi. Bu esa mahalliy tadbirkorlarimizga ham yangi qulayliklar eshigini ochib, o‘z huquqlarini xalqaro miqyosda amalga oshirishda xarajatlarni qisqartirish hamda ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirish imkonini beradi. Ya’ni, hududlarimizga xos, an’anaviy va milliy mahsulotlar bitta talabnoma orqali bir vaqtning o‘zida Jeneva akti ishtirokchi davlatlarida muhofaza qilinishi mumkin bo‘ladi. Bu esa milliy ishlab chiqaruvchilar uchun qulay, ixcham va samarali xalqaro himoya mexanizmini yaratadi.
Bunday mexanizm, avvalo, Marg‘ilon atlasi, Chust pichog‘i, G‘uzor tandir go‘shti kabi yurtimizning o‘ziga xos noyob mahsulotlarini xalqaro darajada huquqiy jihatdan himoya qilish, ularning nufuzi va xaridorgirligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Milliy brendlarimizni tashqi bozorlarda keng targ‘ib etish, eksport imkoniyatlarini oshirish, hududiy mahsulotlarning qo‘shimcha qiymatini yuksaltirish hamda gastronomik turizmni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar ochiladi.
Shuningdek, hujjat O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA