“Salomatlik uchun besh ming qadam” aksiyasi o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va jismoniy faollikni oshirish maqsadida “Salomatlik uchun besh ming qadam” aksiyasi tashkil etildi.
Mazkur Bo‘zatov tumani hokimligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Bo‘zatov tumani bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda davlat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etishdi.

“Bo‘zatov” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan tadbir davomida ishtirokchilar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab piyoda yurib, sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, muntazam jismoniy faollikning inson salomatligiga ijobiy ta’siri haqida fikr almashishdi. Aksiya barchada sog‘lom hayot kechirishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishdi.

Shumanay tumanida tashkil etilgan aksiya ishtirokchilari dastlab belgilangan yo‘nalish bo‘ylab besh ming qadam piyoda yurdi. Shundan so‘ng, ertalabki badantarbiya mashqlari bajarildi.
Tuman hokimining o‘rinbosari A.Bekmuratov boshchilik qilgan tadbirda ta’kidlanganidek, muntazam piyoda yurish va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish insonning jismoniy va ruhiy salomatligini mustahkamlaydi. Bunday tadbirlar aholining salomatligini mustahkamlash, ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bu kabi aksiyalar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri