Sahnaga sadoqatning yorqin timsoli
O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev milliy teatr va kino san’atiga umrini baxshida etgan fidoyi ijodkorlardan biri sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, ustoz san’atkor «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan edi.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev ishtirokidagi «Adolat fasli» spektakli namoyish etildi. Mazkur spektakl namoyishi san’atkorning muborak 80 yosh to‘yi munosabati bilan tashkil qilindi.

Buyuk Sohibqiron Amir Temur o‘z saltanatida ijtimoiy adolat, tinchlik va farovonlikni doimo ustuvor bilgan jahongir shaxs sifatida tarixda qolgan. «Adolat fasli» spektakli ham Amir Temur shaxsiyati, hayoti va faoliyati, uning ezgu orzu-intilishlarini tomoshabinga o‘ziga xos talqinda yetkazib beruvchi sahna asarlaridan biridir.
Spektakl yurtimiz teatr ixlosmandlari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Tadbir ishtirokchilari xalqimizning sevimli san’atkorini tavallud ayyomi bilan samimiy qutladi.
— Yurtimizda milliy teatr san’ati ravnaqiga katta e’tibor qaratilmoqda, — dedi O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev. — Bu e’tibordan O‘zbek Milliy akademik drama teatri ijodkorlarining boshi osmonga yetdi. Davlatimiz rahbarining farmonlari asosida teatrimizning to‘qqiz nafar aktyori yuksak davlat unvonlari bilan taqdirlandi. Bu kabi quvonchli voqea teatrimizning 112 yillik tarixida ilk bor yuz bermoqda. Buning barchasi Prezidentimiz tomonidan teatr san’ati rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir. Ayni paytda teatrda faoliyat yuritgan sakkiz nafar marhum san’atkorning oila a’zolariga ham davlat mukofotlari topshirildi. Ular ham Prezidentimizga o‘z minnatdorliklarini bildirdi. Otam ham ushbu teatrda aktyor bo‘lib faoliyat yuritganlar va 36 yoshlarida vafot etganlar. O‘ylaymanki, menga berilgan mukofotdan otamning ham ruhlari shod bo‘ldi.

Darhaqiqat, teatrimizning bir asrdan ziyod tarixi ko‘plab ulug‘ san’atkorlar, sahna ortida mehnat qilgan fidoyi insonlar va yuzlab ijodkorlarning mashaqqatli mehnati bilan boyigan. Davlatimiz rahbarining madaniyat va san’at sohasiga qaratayotgan yuksak e’tibori xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan ezgu va ibratli ishlar namunasidir.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA