Universitetda kapsula kutubxona ochildi
Namangan davlat texnika universitetida kimyo fanlari doktori, professor, rektor Oybek Ergashev tashabbusi asosida oliygoh hududida “Yoshlar ziyo maskani” – kapsula kutubxona foydalanishga topshirildi.
Yangi kapsula kutubxonaning ochilish marosimida Oliy Majlis Senatining fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi, professor Odiljon Mamatkarimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi rahbari Musoxon Appaqov, Nodirabegim nomidagi Namangan viloyati axborot-kutubxona markazi direktori Dilfuza Hakimova, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yosh avlodni kitobga oshno etish, ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash va zamonaviy kutubxona infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kitob inson tafakkurini boyitish, dunyoqarashini kengaytirish va ilmiy izlanishlarga yo‘l ochishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.


Zamonaviy talablar asosida jihozlangan kapsula kutubxona talabalarga badiiy, ilmiy va o‘quv adabiyotlaridan foydalanish, darslarga tayyorgarlik ko‘rish hamda mustaqil ishlash uchun qulay imkoniyat yaratadi. Ziyoxona fondidan besh mingga yaqin turli yo‘nalishdagi adabiyotlar o‘rin olgan bo‘lib, kelgusida bu fondni yangi nashrlar hisobiga yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

Ushbu mo‘’jaz ma’rifiy maskan Namangan davlat texnika universitetida amalga oshirilayotgan kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘lib, talabalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va sifatli ta’lim muhiti shakllanishiga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.