Rustam Qosimjonov: "Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekiston uchun tarixiy voqea bo‘ldi"
Ko‘ksaroy qarorgohida 29-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari bilan uchrashuv hamda ularga davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
– O‘zbekistonda Butunjahon shaxmat olimpiadasi yuqori saviyada tashkil etildi. Bu juda katta tarixiy musobaqadir, – dedi shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Qosimjonov. – Mazkur nufuzli turnir Markaziy Osiyo hududida ilk marotaba o‘tkazildi va unda 200 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan eng kuchli shaxmatchilar ishtirok etdi. Ahamiyatlisi, shaxmatchilarimiz musobaqaning boshidan oxirigacha yetakchilikni qo‘ldan boy bermay, birinchi o‘rinda borishdi. O‘zbekistonlik murabbiy va shaxmatchi ekanimdan cheksiz faxrlanaman.
Shaxmatchi uchun doimiy qo‘llab-quvvatlov va davlatning yuksak e’tibori juda muhim. Bugun bizda bularning barchasi muhayyo. Imkoniyatlarimiz cheksiz, chunki muhtaram Prezidentimizning sohaga bo‘lgan e’tiborlari juda yuqori. Aynan mana shunday g‘amxo‘rlik sababli vakillarimiz dunyo miqyosidagi eng yirik musobaqalarda muntazam qatnashib, yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Shu yilning noyabr oyida Javohir Sindarov shaxmat toji uchun kechadigan jahon chempionati bahsida ishtirok etadi. Bu ham o‘zbek sporti tarixidagi juda muhim va olamshumul hodisadir, boisi shu paytgacha hech bir o‘zbekistonlik shaxmatchi bunday formatdagi jahon chempionatida dona surmagan. Unga ushbu tarixiy bahsda omad tilayman.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasida erishilgan yuksak natijalar uchun terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Qosimjonov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Nosirjon HAYDAROV (foto),
Yoqubjon MELIBOEV (video),
O‘zA