O‘zbekiston va Belarus mahalliy vakillik organlari hududlararo hamkorlikka oid 15 kelishuvni imzoladi
Xiva shahrida “Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, hamkorlikning yangi vazifalari va istiqbollari” mavzusidagi to‘rtinchi O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumi doirasida ikki mamlakat mahalliy vakillik organlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Belarus hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, mahalliy vakillik organlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, hududlar manfaatlariga xizmat qiladigan yangi tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mahalliy darajadagi muntazam va amaliy muloqot O‘zbekiston - Belarus strategik sherikligining mazmun-mohiyatini yanada boyitish, hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda mahalliy vakillik organlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning jamoatchilik va boshqaruv jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda hududiy muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirish, yangi iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Deputatlik diplomatiyasining imkoniyatlaridan keng foydalanish, mahalliy vakillik organlari o‘rtasida muntazam muloqot mexanizmlarini rivojlantirish, o‘zaro tashriflar, ishchi uchrashuvlar va tajriba almashinuvini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus mahalliy vakillik organlari o‘rtasida hududlararo hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 15 ta ikki tomonlama kelishuv imzolandi.
Mazkur hujjatlar hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada rivojlantirish, mahalliy vakillik organlari o‘rtasida tajriba almashish, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun mustahkam zamin yaratadi.
N.Abduraimova,
B. Saidov (surat), O‘zA