Rossiya Xitoydagi energiya tanqisligini to‘ldirmoqchi (+video)
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Pekinda Xitoy rahbari Si Szinpin va tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashib, Xitoyda yuzaga kelgan energiya resurslari tanqisligini qoplashga tayyorligini bildirdi, deb xabar berdi Euronews
Lavrovning aytishicha, Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi ziddiyat tufayli ayrim mamlakatlarda energiya resurslari tanqisligi paydo bo‘lgan. Rossiya esa Xitoy va boshqa davlatlar bilan teng va o‘zaro manfaatli asosda hamkorlik qilib, bu kamchilikni to‘ldirishi mumkin.
Rossiya tashqi ishlar vazirining ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi vaziyatga bog‘liq bo‘lib qolmaslik uchun Moskva va Pekin allaqachon turli imkoniyatlarni ishga solmoqda.
Shuningdek, u ayrim Yevropa rasmiylari Yevropa Komissiyasini Rossiya energiya manbalaridan to‘liq voz kechish rejasini kechiktirishga chaqirganini ham aytdi.
Bu bayonotlar Lavrovning Pekinga tashrifi davomida yangradi. U Xitoy rahbari Si Szinpin va hamkasbi Van I bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Lavrovning fikricha, Yaqin Sharqdagi hozirgi inqiroz AQSH va Isroilning «sababsiz zo‘ravonligi» natijasida yuzaga kelgan bo‘lib, uni hal qilish oson emas. U bu muammoni keskin yo‘l bilan hal qilishga urinishlar samara bermasligini ta’kidladi.
Si Szinpin esa dunyoda yuzaga kelgan hozirgi keskinlik sharoitida Rossiya bilan munosabatlarni juda qadrli deb atadi.
Pekinda muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri, Vladimir Putinning Xitoyga navbatdagi tashrifi bo‘ldi. Lavrovning ta’kidlashicha, Putinning bu safari yilning birinchi yarmida amalga oshishi mumkin.
Shu bilan birga, Putin bu yil Pekinga ikki marta tashrif buyurishi aytilmoqda. Avvalroq Rossiya prezidenti ma’muriyati uning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitiga taklifni qabul qilganini ma’lum qilgan edi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DgF00fZTBjE" title="Rossiya Xitoydagi energiya tanqisligini to‘ldirmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA