“Rohatoy”ga barcha havas qiladi
Fargʻona viloyati Quva tumanidagi “Rohatoy” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi gʻalla va paxta yetishtirishda katta tajribaga ega.
Fargʻona viloyati Quva tumanidagi “Rohatoy” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi gʻalla va paxta yetishtirishda katta tajribaga ega.
Joriy yilda 47,5 gektar maydondagi gʻalla hosili salmogʻi yuqori boʻldi. Har gektar yerdan 80 sentnerdan xirmon koʻtarildi.
– Moʻl va sifatli hosil yetishtirish uchun agrotexnik talablarni oʻz vaqtida amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratdik, – deydi fermer xoʻjaligi rahbari Tursunali Teshaboyev. – Har gektar yer oʻrta hisobda 750-800 kilogramm azotli, 5 tonnadan ortiq mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirildi. Begona oʻt, zang kasalligiga qarshi ishlov berildi. Ayni kunda gʻalladan boʻshagan ekin maydonlarini peshma-pesh shudgorlash, ozuqa, sabzavot, poliz ekinlarini ekish ishlariga kirishdik.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi chorvachilik, bogʻdorchilik tarmoqlarini rivojlantirish, qayta ishlash, eksportga yoʻnaltirish ishlariga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ana shu maqsadda Germaniyadan sutchilik yoʻnalishida 70 bosh nasldor chorva mollari olib kelindi. 11 gektar maydonda intensiv usulda gilos, nok, olma, anor bogʻlar tashkil qilindi. Bu tarmoq faoliyatini rivojlantirish bilan birga, 50 nafardan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatini bermoqda.