Milliy palata Oʻzbekistonda Italiya sogʻliqni saqlash texnologiyalarini joriy etishga koʻmaklashadi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy palatasi va Italiyaning “Opera” kompaniyasi vakillarining muloqotida tibbiy xizmatlar harakatchan, mobil boʻlishi zarurligi alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy palatasi va Italiyaning “Opera” kompaniyasi vakillarining muloqotida tibbiy xizmatlar harakatchan, mobil boʻlishi zarurligi alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, onlayn shaklda boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi O.Akbarov ishtirok etdi. Elchixona Italiyaning “Opera” kompaniyasi bilan uchta yoʻnalish, jumladan, sogʻliqni saqlash tizimi boʻyicha qariyb ikki yildan buyon faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Milliy palata raisi R.Izamov sogʻliqni saqlashning eng yaxshi xorijiy tajribasini olib kirish Milliy palataning vazifasi ekanligidan kelib chiqib, “Opera” kompaniyasi bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi.
Tomonlar Namanganda Italiya texnologiyalariga asosan Endokrinologik markazni qurish loyihasi boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari va aniq yoʻnalishlarini muhokama qildi.
Undagi innovatsiyalarning biri — qayerda talab boʻlsa, oʻsha yerda “talab boʻyicha” endokrinologik tekshirish uchun harakatchan brigadalar shakllantirishdan iborat.

“Opera” kompaniyasi rahbari Paolo De Anjelis “Pandemiya tibbiyotning qanday boʻlishi kerakligi haqida fikrimizni butunlay oʻzgartirib yubordi. Bugungi bizning asosiy vazifamiz — bemorga harakatchan uskuna yordamida samarali yordam berish”, — deya fikr bildirdi.
Muzokaralar davomida zamonaviy operatsiya zallari, bemorlar va ular bilan birga boʻladigan barcha oila aʼzolari uchun barcha sharoitlari mujassam boʻlgan Bosh Endokrinologik markazini tashkil etish, yaʼni mehmonxona qurishni rejalashtirish kabi loyihaning bosqichlari muhokama etildi.
Navbatdagi yoʻnalish – harakatchan brigadalar, shuningdek, mamlakat boʻyicha ixtisoslashgan endokrinologik poliklinikalar tarmogʻi.
“Opera” bu borada katta tajribaga ega taniqli Italiya kompaniyasi “Fora” bilan muzokalar oʻtkazgan.
Bemorlarni nafaqat davolash, ularni qandli diabetga chalingan holatidagi hayot tarziga oʻrgatishda eng yaxshi xalqaro tajribalarni olib kirish muhimligi taʼkidlandi.

“Opera”ning avvaldan moʻljallagan hisobi boʻyicha ushbu loyihaga jalb etilishi kerak boʻlgan investitsiya taxminan 12 million yevroni tashkil etadi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi va Italiyaning “Opera” kompaniyasi hamkorligi doirasida amalga oshiriladigan yana boshqa loyihalar ham muhokama etildi.
Paolo De Anjelis soʻzlariga koʻra, Italiyaning tibbiy turizm boʻyicha katta tajribasi bor. Ixtisoslashgan Italiya shifoxonalariga bemorlar butun Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlaridan davolanishga keladi.
- “Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimidagi bunday markazi bilan oʻz hududida katta salohiyatga ega boʻladi. Yurtingiz Markaziy Osiyo tibbiyotida muhim rol oʻynashi mumkin”, — dedi u.