Reyd tadbirlarida 126 ta avtotransport vositasi to‘xtatildi
Majburiy ijro byurosi hamda Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘rtasida tasdiqlangan Qo‘shma ko‘rsatmaga asosan maxsus ishchi-guruhlar tuzilgan bo‘lib, ular tomonidan shahar va tumanlarning markaziy ko‘chalarida hamda hududiy yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida reyd tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilmoqda.
Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv shu’basi hamda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, sud va vakolatli organlarning qarz undirish haqidagi qarorlari ijrosini ta’minlamagan qarzdorlarning avtoulovlarini jarima maydonchalariga joylashtirish orqali qarzdorliklarini undirishdir.

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida foydalanilayotgan “AutoCon-SC/M-online” va Byuro xodimi tomonidan foydalanilayotgan “Planshet” moslamalarida qarzdorligi mavjud shaxslar, ularga tegishli avtomashinalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar onlayn tarzda ko‘rinadigan bo‘lib, ular yordamida avtotransport vositalarida qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi aniqlanadi.
Joriy yilning 10 noyabr kuni boshlangan reyd tadbirlaridan shu kunga qadar 126 ta avtotransport vositasi to‘xtatilib, maxsus jarima maydonchalarga joylashtirilgan. Shuning natijasida 1 milliard 30 million so‘m miqdorida qarzdorlik undirildi. Qarzdorlikni qoplamagan shaxslarning avtomashinalarini auksion savdolariga chiqarib sotishga qadar bo‘lgan ijro harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda bu kabi tadbirlar respublika miqyosida davom ettirilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri