Yapon investorlari Gulistonda kivi yetishtirishni yo‘lga qo‘yadi
Guliston tumanida Yaponiyalik investorlar ishtirokida yirik agrosanoat loyihasi boshlandi. Tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev tashabbusi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik va investitsiya imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida hududda zamonaviy kivi plantatsiyasini barpo etish loyihasi muhokama qilindi va uni amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Uchrashuv yakunida qiymati 10 million AQSH dollariga teng investitsiyaviy tashabbus amaliy bosqichga o‘tkazildi.

Loyiha Mevazor mahallasida joylashgan “Otabek Odiljon Biznes” MCHJ tasarrufidagi yer maydonlarida amalga oshiriladi. Yaponiyaning Tolbex kompaniyasi mutaxassislari hududning tuproq va iqlim sharoitini chuqur tahlil qilib, kivi yetishtirish uchun juda qulay ekani e’tirof etdi. Shu asosda tuman hokimligi bilan yer maydonlarini uzoq muddatli ijaraga olish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Loyiha doirasida Yaponiyalik investorlar 10 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadi. Natijada yiliga o‘rtacha 5 million dollarlik eksportbop kivi mahsulotlari yetishtiriladi, zamonaviy agrotexnologiyalar joriy qilinadi va 30 nafardan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

– Mazkur loyiha hudud iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Guliston tumani Investitsiyalar, sanoat va savdo shu’basi bosh mutaxassisi Valijon Yo‘lyaxshiyev. – Shu bilan birga yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy agrotexnologiyalarni jalb etish va eksport hajmini oshirish imkonini beradi. Buning natijasida mahalliy aholi daromadlari ko‘payib, turmush darajasi yanada yaxshilanadi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu tashabbus hududda intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va zamonaviy agrobiznes modellarini joriy etishda muhim qadam bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri