Reabilitatsiya — yangi imkoniyatlar sari yo‘l
FOTOREPORTAJ
Sog‘liqni tiklash, kundalik hayotga moslashish, jamiyatda faol ishtirok etish va mustaqil hayot kechirish uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirish — reabilitatsiya jarayonining muhim yo‘nalishlaridandir. Surxondaryo viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida bu vazifalar tibbiy va ijtimoiy xizmatlar uyg‘unligida amalga oshirilmoqda.
130 o‘ringa mo‘ljallangan markazda bemorlarni qabul qilish va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan tortib, funksional diagnostika, davolash, reabilitatsiya hamda protez-ortopediya xizmatlarigacha bo‘lgan jarayonlar kompleks tarzda tashkil etilgan.
Markazning qabul va funksional diagnostika bo‘limlarida bemorlarning salomatlik holati o‘rganilib, zarur tekshiruvlar o‘tkaziladi. Bu yerda ultratovush tekshiruvi, elektrokardiografiya, exokardiografiya, rentgen va laboratoriya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Reabilitatsiya jarayoni esa tibbiy muolajalar bilangina cheklanmaydi. Mutaxassislar tomonidan psixologik yordam ko‘rsatish, oilaviy hayotga moslashuvga ko‘maklashish, huquqiy maslahatlar berish, protez-ortopediya moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda mehnat terapiyasi kabi yo‘nalishlarda xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Fizioterapiya bo‘limida davolash jismoniy tarbiyasi, uqalash, parafin bilan davolash va boshqa muolajalar tashkil etilgan. Bu jarayonlarda bemorlarning jismoniy imkoniyatlarini tiklash va kundalik faollikka moslashuviga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-31744]
Markazda jarrohlik, ijtimoiy reabilitatsiya, protezlash va mehnat terapiyasi yo‘nalishlari ham qamrab olingan. Shu tariqa reabilitatsiya jarayoni har bir yo‘nalishning o‘zaro uyg‘unligi asosida tashkil etilmoqda.
Bugun reabilitatsiya — bu faqat salomatlikni tiklash emas. Insonning oila va jamiyatdagi faolligini qayta tiklash, o‘zini o‘zi erkin his qilishi, mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanishi va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish ham uning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Surxondaryo viloyatidagi mazkur markazda tibbiy yordam, ijtimoiy ko‘mak va reabilitatsiya choralari bir butun jarayon sifatida tashkil etilgan. Bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning salomatligini tiklash bilan birga, ularning mustaqil hayotga qaytishi uchun zarur imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA