Davlat tibbiy sug‘urtasi: O‘zbekiston bo‘ylab to‘liq qamrov yakunlandi
O‘zbekistonda tibbiyot sohasida muhim o‘zgarishlar davom etmoqda. Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi kengayib, aholi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu nimani anglatadi?
Joriy yilning 1-oktabridan boshlab Namangan va Jizzax viloyatlarida ham davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi ishga tushdi. Shu tariqa, tizim respublikaning barcha hududlarini qamrab oldi. Eslatib o‘tamiz, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentabrdagi qarori asosida boshlangan edi. Dastlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida joriy etilgan ushbu tizim 2026-yil oxiriga qadar respublikamizning barcha tibbiyot muassasalarida tatbiq etilishi belgilangan.
- Mamlakatimizda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari bilan barcha hududni qamrab oldik, - deydi Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasining Tibbiy xizmatlar sifatini monitoring qilish bo‘limining yetakchi mutaxassisi Ruhulla Mahmudov. - Ushbu tizim orqali biz aholiga tibbiy xizmatlarni yanada yaqinroq qilishga harakat qilmoqdamiz. Shu bilan birga, barcha kafolatlangan paketdagi xizmatlarni bepul va sifatli qilishga intilyapmiz. Prezidentimizning 311-son qarori bilan hududlarda tibbiyot tashkilotlari izchillik bilan 1-oktabrdan boshlab ushbu tizimda xizmat ko‘rsatadi.
Bu - keng ko‘lamli islohotlar va bosqichma-bosqich amalga oshirilgan mashaqqatli mehnat samarasidir. Tizim dastlab Sirdaryo viloyatida sinovdan o‘tkazilib, ijobiy natijalar bergach, bosqichma-bosqich boshqa hududlarga kengaytirildi. Tibbiyotdagi ushbu muhim o‘zgarishlar aholi uchun tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi, ularning sifatini oshirdi. Xususan, elektron yo‘llanmalar va raqamli mexanizmlar joriy qilindi, dori vositalari bilan ta’minlashda shaffof tizim yaratildi, tibbiy yordamni moliyalashtirishda yagona yondashuv tatbiq etildi.
Umuman olganda, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi aholi uchun tibbiy yordamni yanada qulay, sifatli va ommabop qilish yo‘lidagi qat’iy qadam bo‘ldi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA