O‘zbekiston – Tojikiston: ikki xalqni yaqinlashtirgan tarixiy uchrashuv
Mintaqa siyosiy maydonida ba’zan shunday lahzalar yuzaga keladiki, bunday voqealar rasmiy tashrif doirasidan ko‘ra kengroq, butun bir tarixiy bosqich ramziga aylanadi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi ana shunday hodisalardan biri, deyish mumkin.
Tojik yetakchisi samolyotdan tushiboq, eng avvalo, “Navro‘z muborak!” degan iborani tilga olgan lahza shunchaki bayram tabrigi emas edi. O‘sha dam asl siyosat ramziy ma’no bilan uyg‘unlashdi: bahor – uyg‘onish fasli, Navro‘z – yangilanish ayyomi, Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlari esa o‘zaro ishonch to‘liq tiklanishining yorqin namunasidir.
Davlat rahbarlari Toshkentda aynan Navro‘z kunlari uchrashishi oddiy sana tanlovi emas. Bu mujda shundan dalolatki, munosabatlarimiz yana qayta gullab-yashnamoqda.
Bu jarayonning ildizi 2018-yilga borib taqaladi. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahriga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi yangi hamkorlik va yaqinlashuv bosqichiga yo‘l ochgan edi. Bugun esa bu an’ana davom etib, mintaqaviy diplomatiyaning barqaror ramziga aylandi.

Tojikiston rahbari ta’kidlaganidek, “Bugungi muloqot Xalqaro Navro‘z bayrami kunlari o‘tkazilishi alohida ramziy ahamiyatga ega”.
Ya’ni bu ikki o‘lka o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan umumiy irodani ifodalaydi.
O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev ham “Tojikiston O‘zbekiston uchun ishonchli strategik sherik va ittifoqchidir”, deya ta’kidlashi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat ishonchni tiklash bosqichidan o‘tib, strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganini anglatadi.
Munosabatlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma bayonot imzolanishi va aniq iqtisodiy dasturlar qabul qilinishi buning yaqqol dalilidir.
Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qiymati qariyb 1 milliard dollarga yetgan. Bu boradagi yillik o‘sish sur’ati taxminan 30 foizni tashkil etmoqda. Davlat rahbarlari mas’ullarga ushbu ko‘rsatkichni uzoq istiqbolda emas, ehtimol 2028-yilga qadar 2 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydilar.
Ayniqsa, energetika, sanoat, transport, logistika, metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiya va sun’iy intellekt kabi sohalarda hamkorlik kengayishi iqtisodiy integratsiya barqaror jarayonga aylanganini ko‘rsatmoqda.
Bu raqamlar ortida yana bir muhim voqelik turibdi: O‘zbekistonda Tojikiston sarmoyasi ishtirokida 410 korxona, Tojikistonda esa 131 O‘zbekiston qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, yuzlab yangi loyihalar ikki mamlakat iqtisodiyotiga yangi nafas bag‘ishlamoqda. Bu jarayonda iqtisodiyot ochiq-oydin shunday demoqda: hamkorlik endi tanlov emas, balki zarurat.

Aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida yangi loyihalar amalga oshirish uchun start berildi. Jumladan, Tojikistonda jami 98 million dollarlik 7 ta loyiha, O‘zbekistonda 63,2 million dollarlik 5 ta loyiha yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu loyihalar sanoat, agrosanoat, sog‘liqni saqlash va iste’mol tovarlari ishlab chiqarish sohalarini qamrab olib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
E’tiborlisi, xalq diplomatiyasi ham jadal rivojlanmoqda. Bir yilning o‘zida 2,78 million Tojikiston fuqarosi O‘zbekistonga, 1,1 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi esa Tojikistonga safar qilgan. Bu raqamlar ikki davlat chegaralari qalblarni birlashtiruvchi nuqtaga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Davlat tashrifi doirasida qator muhim tadbirlar o‘tkazilib, hamkorlikning keng qamrovli yo‘nalishlari muhokama qilindi va tashrif samarali o‘tishiga zamin yaratildi.
Toshkentda tashkil etilgan ikki davlat mahsulotlari ko‘rgazmasi eksport va sanoat salohiyatini namoyon etdi. Jizzax shahrida uyushtirilgan ikkinchi hududlararo forumda muhim investitsiya kelishuvlari imzolandi. O‘zbekistonda Tojikiston madaniyati kunlari o‘tkazilib, milliy qadriyatlar keng targ‘ib etildi. Tahlil markazlari ishtirokida anjumanlar, olimlar va yoshlar uchrashuvlari tashkil etildi.
Bu tadbirlar hamkorlik faqat siyosiy daraja bilan cheklanmasdan, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olganini ko‘rsatdi.
Ikki davlat rahbarlari yana bir bor ta’kidladilarki, O‘zbekistondagi tojiklar va Tojikistondagi o‘zbeklar uchun til, madaniyat va milliy an’analarni asrash, rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
Samarqand, Buxoro va Farg‘ona oliy ta’lim muassasalarida tojik tili va adabiyoti ixtisosliklari, Xo‘jand davlat universiteti va Tojikiston davlat pedagogika universitetida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishlari mavjudligi, “Xalq ovozi” (Dushanbe) va “Ovozi tojik” (Toshkent) gazetalari muntazam nashr etilishi, ikki davlat markaziy telekanallarida tojik va o‘zbek tillarida ko‘rsatuvlar efirga uzatilishi, milliy madaniy markazlar faoliyati, bularning bari oqilona va do‘stona siyosat samarasidir.
Davlat rahbarlarining Buxoro va shaharning tarixiy obidalari, jumladan Ismoil Somoniy maqbarasiga birgalikda tashrif buyurishi ikki xalq o‘rtasidagi chuqur tarixiy bog‘liqlik ramzidir. Bu tashrif yana bir bor ko‘rsatdiki, o‘tmish faqat xotira emas, balki kelajakni bunyod etish uchun mustahkam zamindir.
Ehtimol, ushbu tashrifning asosiy mazmun-mohiyati ham aynan shunda mujassamdir. Ya’ni tarix, madaniyat va mushtarak manfaatga tayangan munosabat har qanday qiyinchilikdan o‘ta oladi.
Shu nuqtai nazardan Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifini quyidagi formula bilan ifodalash mumkin: ramziylik+ishonch+iqtisodiyot+xalq+madaniyat+tarix=barqaror integratsiya.
Bu formula ichida ramziylik – Navro‘z. Bu oddiy bayram emas, balki chuqur va boy g‘oya: munosabatlarni yangilash, mushtarak ildizlarga qaytish, umumiy kelajakni barpo etish g‘oyasi.
Navro‘z bugun oqilona siyosat shukuhiga aylandi. Bunday siyosat nafaqat bugunni, balki mintaqaning ertangi barqaror va farovon kelajagini ham yaratadi.
Yoqubjon Abdumannonzoda,
Tojikistonning “Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri,
Zuhriddin Umarov,
“Xalq ovozi” gazetasi mas’ul kotibi, filologiya fanlari nomzodi