Rassomlar va haykaltaroshlar uchun yangi qoidalar joriy etiladi
Davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan tasviriy va amaliy san’at asarlari mualliflarining ish haqi hamda sarflanadigan xomashyolar xarajatlarini belgilash tartibini nazarda tutuvchi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
2026-yil 16-aprelda tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan Davlat buyurtmalari asosida yaratiladigan tasviriy va amaliy san’at asarlari mualliflarining ish haqi hamda ular tomonidan sarflanadigan xomashyolar xarajatlarini belgilashga doir qoidalar joriy etiladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashi badiiy asarning bahosini uning badiiy qiymatidan kelib chiqib, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan mazkur Nizomning ilovalarida belgilangan eng quyi va eng yuqori ko‘rsatkichlar oralig‘ida hisoblaydi.
Bunda, Badiiy ekspertlar kengashi boshqa mualliflik asarlari yoki tayyor namunadan nusxa olinib yaratilgan asarlarni baholash uchun qabul qilmaydi.
Badiiy ekspertlar kengashi tasviriy va amaliy san’at asarlarining badiiy qiymatini quyidagi xususiyatlarni inobatga olgan holda baholaydi:
-badiiy asarning turi;
-badiiy asarni ishlab chiqish jarayonining murakkabligi;
-mehnat sarfi;
-muallifning ijodi va boshqalar.
Sherbek Islomov, O‘zA