Raqobat qo‘mitasi xorijiy kompaniyaga nisbatan ish qo‘zg‘atdi
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Yevropaning yirik qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga nisbatan insofsiz raqobat alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atdi.
Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, xorijiy ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlarini sotib olish yoki qayta sotish uchun rasmiy rozilik olish talabini belgilamagan bo‘lsa-da, amalda boshqacha yo‘l tutgan. Chet el kompaniyasi mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirayotgan mustaqil importyorlar ustidan Davlat bojxona organlariga shikoyat qilgan. Vaj sifatida intellektual mulk huquqlari buzilayotgani ko‘rsatilgan va natijada mahsulotlarning mamlakatga olib kirilishi sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yilgan.
E’tiborlisi, bu taqiqdan faqat birgina importyor mustasno qilingan — u kompaniyaning Qozog‘istondagi filiali bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan rasmiy hamkordir. Ishlab chiqaruvchi boshqa importyorlarga, agar ular mahsulotni bevosita kompaniyaning o‘zidan yoki uning Qozog‘istondagi filiali orqali sotib olsa, «muammo ijobiy hal bo‘lishini» ma’lum qilgan.
Bojxona ma’lumotlari tahlil qilinganda, mustaqil importyorlar tomonidan olib kirilgan original mahsulotlar narxi rasmiy yetkazib beruvchi tomonidan taklif etilayotgan narxdan taxminan 5 baravarga arzon ekani aniqlandi. Bu esa sun’iy cheklovlar ortida ichki bozorda yuqori narxlarni saqlab turish va parallel importni cheklash istagi borligidan dalolat beradi.
Yuzaga kelgan holatga xolis huquqiy baho berish va xalqaro amaliyotni chuqur o‘rganish maqsadida Raqobat qo‘mitasi Yevropa Komissiyasining Raqobat masalalari bo‘yicha Bosh direktoratiga rasmiy murojaat yo‘lladi. Hozirda ishni ko‘rib chiqish jarayoni davom etmoqda, uning yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA