Kommunal qarzdorliklarni undirish bo‘yicha nazorat va amaliy tadbirlar jadallashmoqda
Majburiy ijro byurosi direktorining o‘rinbosari X. Ochilov boshchiligidagi Ishchi guruh Namangan viloyatida bo‘lib, sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganishlar davomida, ayniqsa, kommunal qarzdorlikni undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha Byuro boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan olib borilayotgan kunlik tadbirlar atroflicha tahlil qilindi. Berilgan amaliy ko‘mak va amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sohada bir qator ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi.
Jumladan, kommunal tashkilotlar foydasiga undiruvga oid umumiy qiymati 994,5 million so‘mlik 160 ta ijro hujjati tamomlandi. Ularning asosiy qismini elektr energiyasi bo‘yicha 745,6 million so‘mlik 31 ta, tabiiy gaz bo‘yicha 154,2 million so‘mlik 39 ta va ichimlik suvi bo‘yicha 94,8 million so‘mlik 90 ta ijro hujjati tashkil etadi. Shuningdek, issiqlik ta’minoti bo‘yicha 2,3 million so‘mlik 2 ta hamda BSK bo‘yicha 0,6 million so‘mlik 1 ta ijro hujjati yakunlandi.

Shu bilan birga, manzilli tadbirlar davomida 917,3 million so‘mlik 151 ta ijro hujjati bo‘yicha mablag‘lar amalda undirildi.
Muqaddam “Majburiyatlar reyestri”ga kiritilgan kommunal undiruvlar bo‘yicha qarzdorlarning manzillariga chiqib o‘rganildi va jami 366,1 million so‘mlik 29 ta hujjat bo‘yicha to‘lovlar ta’minlanib, ular Reyestrdan chiqarildi.

Ijro harakatlari davomida qarzdorlarga tegishli 15 ta mol-mulk xatlandi. Shundan elektr energiyasiga oid ijro hujjatlari bo‘yicha 9 ta va tabiiy gaz qarzdorligi bo‘yicha 6 ta mol-mulk xatlovga olingan bo‘lib, ayni paytda ularni realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Mazkur tizimli ishlar kommunal xizmatlar sohasidagi qarzdorlikni qisqartirish va undiruv samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA