Raqobat muhitini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi
Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati tashabbusi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqini himoya qilish qo‘mitasi hamkorligida “Global noaniqlik sharoitida barqaror iqtisodiy o‘sish drayveri sifatida raqobat siyosati choralari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Oliy Majlis palatalari, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek Germaniya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Italiya va boshqa mamlakatlar yondosh idoralari rahbarlari hamda ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbirda geosiyosiy o‘zgarish, ta’minot zanjiridagi uzilish, inflyatsiya bosimi davrida sog‘lom raqobat barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili ekani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, monopoliyalashuvni kamaytirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy raqobat siyosatini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, raqamli platforma bozorida raqobatni tartibga solish va monopoliyaga qarshi mexanizmni takomillashtirishning huquqiy asosi yaratildi.

Konferensiya davomida raqobat siyosatini takomillashtirishga zamonaviy yondashuv, strategik tarmoqda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, raqamli iqtisodiyot sharoitida monopoliyaga qarshi kurash jarayonini tartibga solish, transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish hamda ilg‘or xalqaro tajribani amaliyotga joriy etish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
D.Hakimov, O‘zA