Kuchli fuqarolik jamiyati – barqaror taraqqiyot garovi
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: kuchli fuqarolik jamiyati – barqaror taraqqiyot kafolati” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.
Unda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, viloyatda faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilangan. Xususan, mahalla institutiga alohida urg‘u berilgan. Mahalla shunchaki ma’muriy tuzilma emas, balki jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklikning eng quyi hamda eng ta’sirchan bo‘g‘ini hisoblanadi.

Davra suhbatida mahalla uyushmasi, “Yuksalish” harakati hamda NNT rahbarlari ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Ular tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining muvaffaqiyati faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki fuqarolarning dunyoqarashi va ularning mamlakat hayotidagi faolligi bilan o‘lchanishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur strategiyada davlat va NNTlar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya va ijtimoiy himoya kabi sohalarda NNTlarning roli va ishtiroki ortib borayotganligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi.
– Bugungi tadbirda jamoatchilik nazorati nima va u nega kerakligi haqida ham gaplashdik, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi Shoira Axunjonova. – Agar davlat idoralarining faoliyati jamoatchilik uchun yopiq bo‘lsa, u yerda albatta korrupsiya, suiiste’molchilik va loqaydlik rivojlanadi. Shaffoflik bo‘lmagan joyda rivojlanish bo‘lmaydi. Shu sababli jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda oddiy fuqarolar har doim ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat tashkilotlaridan axborot olish yoki ularning xatosini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lavermaydi. Bu yerda OAV – jurnalistlar, blogerlar va surishtiruvchilar ko‘prik vazifasini bajaradi. Bugun ijtimoiy tarmoqlardagi bitta video yoki post katta tizimli o‘zgarishlarga, nohaq qarorlarning bekor qilinishiga yoki mas’uliyatsiz rahbarlarning ishdan olinishiga sabab bo‘lmoqda. Bu jamoatchilik nazoratining eng tezkor va ta’sirchan shaklidir. Zero, erkin matbuot bor joyda adolat, adolat bor joyda esa farovonlik va rivojlanish bo‘ladi.

Yakunda ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar o‘tkazilib, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va mulohazalar tinglandi.
A.Musayev, O‘zA