Raqamli markirovkalash tizimi kengaymoqda: yangi tovar toifalari bo‘yicha tajriba-sinov loyihalari ishga tushirilmoqda
Mamlakatimizda tovarlarni raqamli markirovkalash tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, 2026-yil 1-iyuldan o‘simlik yog‘i, tibbiy buyumlarning ayrim turlari hamda vaksinalarni qamrab oladigan yangi tajriba-sinov loyihalari ishga tushiriladi. Bu boradagi chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilangan bo‘lib, ular tovar aylanmasining shaffofligini oshirish, mahsulot sifati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Markirovkalash tizimidagi yangi toifalar
Bugungi kunda raqamli markirovkalash bir qator ijtimoiy ahamiyatga ega tovar guruhlariga nisbatan qo‘llanilib, bosqichma-bosqich yangi sohalarni ham qamrab olmoqda. 2026-yil 1-iyuldan yil yakuniga qadar qadoqlangan o‘simlik yog‘ining ayrim turlarini raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi. Shu bilan birga, tibbiy buyumlar va vaksinalarning ayrim turlarini markirovkalash bo‘yicha ham tajriba-sinov loyihalari boshlanadi.
Jumladan, tajriba tariqasida vaksinalar, immunologik preparatlar, zardoblar, qon preparatlari va ularning fraksiyalari, steril jarrohlik materiallarining ayrim turlari, gemostatik vositalar, gormonal kontratseptivlar va koronar stentlarni markirovkalash rejalashtirilmoqda.
Tajriba-sinov formati bozor ishtirokchilariga yangi jarayonlarni sinab ko‘rish, ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini moslashtirish, shuningdek, majburiy markirovkalashga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi. Hukumatning amaldagi qarorlariga ko‘ra, mazkur toifadagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tartibi 2027-yil 1-iyuldan boshlab joriy etiladi.
Nega aynan ushbu toifadagi tovarlarni markirovkalash yo‘lga qo‘yilmoqda?
Raqamli markirovkalash tizimining o‘simlik yog‘i, vaksinalar va tibbiy buyumlarga nisbatan tatbiq etilishi iste’molchilar xavfsizligini yanada oshirish, halol raqobatni rivojlantirish hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar aylanmasi ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish zarurati bilan izohlanadi.
O‘simlik yog‘i kundalik iste’mol tovarlari qatoriga kiradi. Bunday toifalarda tovarning qonuniy kelib chiqishini tasdiqlash va uning butun ta’minot zanjiri bo‘ylab harakatini kuzatib borish imkoniyatini ta’minlash muhim.
Markirovkalash sog‘liqni saqlash sohasi uchun alohida ahamiyatga ega. Tibbiy buyumlar va vaksinalar inson salomatligi va hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ularning muomalasi ustidan nazorat alohida e’tiborni talab etadi. Markirovkalash tizimi tovarni ishlab chiqaruvchidan tortib yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda kuzatib borish imkonini beradi. Bu esa xavfsizlikni oshirish va noqonuniy mahsulotlar tarqalishi xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, raqamli markirovkalash biznesning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratishga yordam berib, bozor shaffofligini oshiradi va iste’molchilarning xarid qilinayotgan tovarlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Ishlab chiqaruvchilar va importchilar uchun nima o‘zgaradi?
Tizimning asosini har bir mahsulot birligiga tushiriladigan noyob DataMatrix kodi tashkil etadi. Bunday kod tovarning o‘ziga xos raqamli pasporti vazifasini o‘tab, uning harakatini ishlab chiqarish yoki import qilishdan tortib, yakuniy iste’molchiga sotilguniga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarda kuzatib borish imkonini beradi.
Yog‘, tibbiy buyum yoki vaksinaning har bir qadog‘i o‘zining takrorlanmas kodiga ega bo‘ladi va u haqidagi ma’lumotlar milliy kuzatuv tizimida qayd etiladi. Bu mahsulot harakati yanada shaffof bo‘lishini ta’minlash, nazorat darajasini oshirish va tovarlarning noqonuniy aylanmasi xavfini kamaytirish imkonini beradi.
Raqamli markirovka nima beradi?
Iste’molchilar uchun bu – tovarning qonuniy ekaniga ishonch hosil qilish va uni “Asl Belgisi” mobil ilovasi orqali mustaqil tekshirib ko‘rish imkoniyatidir.
Tadbirkorlar uchun markirovka bozorda faoliyat yuritishning yagona va shaffof qoidalarini yaratib, hisob-kitob sifatini oshirish va tovar oqimlarini yanada samarali boshqarishga yordam beradi.
Davlat uchun esa tizim bozorni monitoring qilish, tovarlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish va ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda nazorat samaradorligini oshirishning muhim vositasiga aylanadi.
Bu qanday ishlaydi?
Markirovkalash mexanizmi barcha turdagi mahsulotlar uchun bir xil bo‘ladi. Dastlab, ishlab chiqaruvchi yoki importchi tovarga noyob DataMatrix kodini tushiradi. Shundan so‘ng, mahsulot to‘g‘risidagi ma’lumotlar raqamli tizimga kiritilib, uning harakatlanishining barcha bosqichlari qayd etib boriladi.
Tovar yetkazib berish zanjiri bo‘ylab harakatlangan sari ma’lumotlar yangilanib boradi. Bu esa uni har bir bosqichda kuzatish imkonini beradi.
Iste’molchi mahsulotning qonuniyligini bevosita uning qadog‘idagi markirovka kodini skanerlash orqali bepul “Asl Belgisi” (Android/iOS) mobil ilovasi yordamida tekshirish mumkin.
Markirovka – keng ko‘lamli raqamli transformatsiyaning bir qismi
Raqamli markirovkalash tizimining o‘simlik yog‘i, tibbiy buyumlar va vaksinalarga ham joriy etilishi mamlakatimizda iqtisodiyotni raqamlashtirish hamda tovar aylanmasini nazorat qilishning zamonaviy mexanizmlarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarning bir qismidir.
Yagona kuzatuv tizimining shakllantirilishi davlat, biznes va iste’molchilarga mahsulot haqida yanada ishonchli ma’lumot olish, bozor shaffofligini oshirish hamda sog‘lom raqobat rivojlanishi uchun sharoit yaratish imkonini beradi.
O‘zA