Yoshlar bilan ochiq muloqot
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda Farmatsevtika texnik universiteti, Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ishtirokida agentlikning yosh xodimlari, universitet talabalari va yozgi maktab tinglovchilari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda yoshlar mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi ekanini ta’kidlab, tibbiyot va farmatsevtika sohalarining kelajagi bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh yosh kadrlar bilan bog‘liqligi qayd etildi.
Shuningdek, yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri ekani bildirildi. Ochiq muloqot davomida ishtirokchilarning taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Alisher Sa’dullayev yoshlarning innovatsion g‘oyalari va istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga har tomonlama ko‘mak berilishini ta’kidladi.
Tadbir yakunida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Yoshlar ishlari agentligi hamda Farmatsevtika texnik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Qayd etilganidek, mazkur muloqot yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot va farmatsevtika sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA