Raqamlashtirish va investitsiya yo‘nalishida xalqaro hamkorlik
Bugun jahon iqtisodiyotida raqamli transformatsiya, "yashil" texnologiyalar va zamonaviy ishlab chiqarish yechimlarini joriy etish hududlar taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Bu borada Yaponiyaning ilg‘or tajribasi va texnologiya borasidagi salohiyati Toshkent viloyati uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashib, hududda investitsiyaviy va texnologiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Muloqotda Yaponiya kompaniyalarining raqamli transformatsiya, “yashil” texnologiyalar, sanoatni modernizatsiya qilish va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish borasidagi ilg‘or tajribasi, shuningdek, Toshkent viloyatining investitsiyaviy salohiyati va mavjud imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, hozir viloyatda xorijiy investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikda IT-autsorsing markazini tashkil etish, Nurafshon shahrida “aqlli shahar” pilot loyihasini amalga oshirish, davlat boshqaruvi, kommunal xo‘jalik, tibbiyot va transport sohalariga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.

Bunday loyihalar hududda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va boshqaruv jarayonlarining samaradorligini ta’minlash bilan birga, yangi investitsiyalar uchun ham keng imkoniyat yaratadi.

Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Saydovul” sanoat zonasida Yaponiyaning mebel va dizayn klasterini tashkil etish, ilg‘or texnologiyalar asosida yapon mebel mahsulotlarini mahalliylashtirish hamda ularni tashqi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — kadrlar tayyorlash. Shu maqsadda yapon kompaniyalari bilan birgalikda kasbiy ko‘nikmalar va yapon tilini o‘rgatish markazlarini tashkil etish taklif qilindi. Ularda yoshlarni IT, tibbiy parvarish, mebelsozlik kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy standartlar asosida tayyorlash nazarda tutilmoqda.
Bu tashabbuslar, avvalo, yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar safini kengaytirishga xizmat qiladi.

Muloqot yakunida tomonlar bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish, istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish va ularni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
A.Musayev, O‘zA