Eng muhimi — vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish
Yangi o‘quv yili yangi orzular, yangi maqsadlar va yangi marralar demakdir. Ayniqsa, oliy ta’lim ostonasini ilk bor hatlab o‘tayotgan yoshlar uchun bu kun hayotidagi eng unutilmas sahifalardan biri bo‘lib qoladi. Kechagina maktab o‘quvchisi bo‘lgan yigit-qizlar bugun talaba maqomiga ega bo‘lib, katta hayot, ulkan imkoniyatlar va mas’uliyatlar sari qadam qo‘ymoqda.
Buxoro davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda 2026-2027 o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan ana shunday quvonchli va hayajonli lahzalarga boy tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri yoshlarning yangi hayot bosqichiga kirib kelganini nishonlash bilan birga, ularning oldida turgan ulkan vazifalar va imkoniyatlarni yana bir bor eslatdi.
Tantanali marosimda institut jamoasi, professor-o‘qituvchilar, birinchi bosqich talabalari, ularning ota-onalari, faxriy mehmonlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni Buxoro davlat pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Ma’murov ochib, yangi talaba bo‘lish baxtiga sazovor bo‘lgan yoshlarni samimiy muborakbod etdi.
Rektor o‘z so‘zida talabalik inson hayotidagi eng mas’uliyatli, mazmunli va unutilmas davrlardan biri ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, talaba bo‘lish — faqat oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinganlik haqidagi hujjatni qo‘lga kiritish emas. Bu insonning o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yishi, mustaqil fikrlashi, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilishi uchun berilgan ulkan imkoniyatdir.
— Bugun institutimiz safiga qo‘shilgan har bir talaba — ertangi kunning porloq kelajagini yaratuvchi bunyodkor. Sizning bilimga chanqoqligingiz, ota-onangizning fidoyiligi va ustozlaringizning mehnati kelajakda yurtimiz taraqqiyotining mustahkam poydevoriga aylanadi, — deya ta’kidladi institut rahbari.

Bu so‘zlarda bugungi talaba zimmasidagi mas’uliyat, uning ortida turgan ota-ona mehri va ustozlar ishonchining o‘ziga xos uyg‘unligi mujassam edi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov ham so‘zga chiqib, yoshlarni yangi hayot bosqichiga qadam qo‘yganlari bilan samimiy tabrikladi. U yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, zamonaviy ta’lim olish uchun shakllantirilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalib, talabalik yillarini mazmunli o‘tkazish, ustozlardan puxta bilim olish, ilm-fan va ma’rifat yo‘lida izlanish, kelgusida Vatan ravnaqi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish g‘oyatda muhimligini ta’kidladi.

Bugun mamlakatimizda ta’lim va yoshlar masalasi davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb va mutaxassisliklarni egallashi, ilm-fan va innovatsiya sohalarida o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy ta’lim muhiti shakllantirilayotgani, yoshlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilayotgani ham ana shu e’tiborning amaliy ifodasidir. Buxoro davlat pedagogika institutidagi bugungi muhit ham ana shu keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomidir. Zero, mamlakat kelajagi qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan bugun ta’lim olayotgan yoshlarning bilimi, dunyoqarashi, kasbiy mahorati va Vatan taqdiriga bo‘lgan daxldorlik hissiga bog‘liq.
Tadbirning eng hayajonli lahzalari esa institutga eng yuqori ballar bilan o‘qishga qabul qilingan iqtidorli yoshlarni taqdirlash marosimida namoyon bo‘ldi.

2026-2027 o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Buxoro davlat pedagogika instituti talabasi bo‘lgan yoshlar hamda ularning ota-onalari alohida e’tirof etildi.
Bu e’tirof — faqat bir kunlik quvonch emas. U yoshlarning mehnati, tirishqoqligi va bilimga bo‘lgan intilishining munosib bahosidir. Ayniqsa, iqtidorli yoshlarga ramziy “Bilimlar kaliti”ning topshirilishi tadbirga o‘ziga xos ma’no bag‘ishladi. U — bilim eshiklarini ochish, ilm-fan olamiga dadil kirish, yangi imkoniyatlarni kashf etish va Vatan taraqqiyoti yo‘lida o‘z o‘rnini topish timsoli sifatida talqin etildi.

Qo‘lida “Bilimlar kaliti”ni mahkam tutgan yoshlarning nigohlarida esa quvonch bilan birga katta maqsadlarga intilish, kelajakka ishonch va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni ko‘rish mumkin edi.
Ilmga sadoqati, tirishqoqligi va yuksak intilishlari bilan ajralib turgan talabalar institut rahbariyati tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ota-onalar uchun esa bu lahzalar farzandining yillar davomida qilgan mehnati samarasini ko‘rish, uning yangi hayot bosqichiga qadam qo‘yayotganidan faxrlanish baxti bo‘ldi.
Buxoro davlat pedagogika institutidagi bugungi tantananing yana bir muhim jihati shundaki, bu dargohda ertangi avlod tarbiyachilari — pedagoglar tayyorlanadi. Shu ma’noda, bugun institut ostonasidan kirib kelgan har bir talaba kelajakda yuzlab, minglab o‘quvchilar qalbiga yo‘l topadigan, ularga bilim beradigan va hayot yo‘lini belgilashda ko‘maklashadigan ustoz bo‘lishi mumkin.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari