Quyoshli xonadonlarga 772 mln so‘m subsidiya ajratildi
So‘nggi vaqtlarda Sirdaryo viloyati aholisining muqobil energiya manbalaridan foydalanishga bo‘lgan qiziqishi izchil ortib bormoqda. Agar bir yil muqaddam viloyatda quyosh batareyalari bilan ta’minlangan xonadonlar soni 700 ta atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 1 805 tadan oshgani kuzatilmoqda.
Eng muhimi, “Quyoshli xonadon”larga o‘rnatilgan panellar orqali ishlab chiqarilib, elektr tarmoqlariga uzatilgan energiya uchun davlat byudjetidan jami 772 million so‘mdan ziyod subsidiya mablag‘lari to‘landi.
Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda, subsidiya mablag‘larining eng katta qismi Guliston shahri, Xovos va Guliston tumanlariga to‘g‘ri kelgan. Xususan, Guliston shahrida 128 million so‘m, Xovos tumanida 115 million so‘m, Guliston tumanida esa 97 million so‘m subsidiya ajratilgan.

Ma’lumki, 2023-yil 1-apreldan boshlab amalga kiritilgan “Quyoshli xonadon” dasturi aholini muqobil energiya manbalariga o‘tishga rag‘batlantirishga qaratilgan muhim mexanizm hisoblanadi. Dastur doirasida fuqarolar tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.
– Subsidiya ajratish jarayoni ancha soddalashtirilib, to‘liq raqamlashtirildi. Xususan, fuqarolar “Soliq” mobil ilovasining “Keshbek va imtiyozlar” bo‘limidagi “Quyoshli xonadon” xizmati orqali subsidiya mablag‘larini o‘z bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib olish imkoniyatiga ega. Eng muhimi, bu orqali ortiqcha hujjatbozlikka barham berildi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobini yuritish bo‘limi boshlig‘i Rustam Anorqulov.

Mazkur tizim ikki tomonlama manfaatni ta’minlaydi: bir tomondan, aholi elektr energiyasi xarajatlarini qisqartiradi va ortiqcha ishlab chiqarilgan energiyani daromad manbaiga aylantiradi, ikkinchi tomondan esa mamlakatda energiya samaradorligini oshirish, elektr ta’minoti barqarorligini mustahkamlash va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
– Qayd etish joizki, bunday rag‘batlantirish choralari natijasida Sirdaryo viloyatida “quyoshli xonadon”lar soni sezilarli darajada ortmoqda. Bu esa kelgusida hududning energetik salohiyatini mustahkamlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Rustam Anorqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri