Quyoshdan atomgacha: O‘zbekiston energetik burilish ostonasida
O‘zbekiston yaqin besh yil ichida elektr toki ishlab chiqarish miqdorini 82 milliard kilovatt-soatdan 120 milliard kilovatt-soatga yetkazishni maqsad qilgan. Sanoat kengayishi, aholi soni o‘sishi va raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanishi sohani yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayni jarayon Markaziy Osiyo miqyosida yirik sarmoyaviy sinovi sifatida baholanmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zga chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejasini ma’lum qilgan. Bu darajaga erishish uchun mamlakat “yashil” energetika loyihalariga qariyb 6 milliard dollar jalb qildi va yana 4 milliard dollar elektr uzatish tarmog‘ini takomillashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur jarayonda xalqaro moliya institutlari faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, EBRD tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yirik quyosh elektr stansiyalari va quvvat saqlash tizimi respublikamiz energetikasining yangi qiyofasini shakllantirmoqda. Qashqadaryodagi “Masdar” loyihasi va “ACWA Power” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan boshqa yirik ob’ektlar mamlakatning qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi ulkan maqsadlarini namoyon etyapti.
Masala faqat quyosh va shamol energiyasi bilan cheklanmaydi. Jizzax viloyatida birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Loyiha ikki yirik va yana bir kichik modulli reaktorni o‘z ichiga oladi. Mutaxassislar fikricha, atom energetikasi elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash bilan birga tabiiy gazdan iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida samarali foydalanish imkonini yaratadi.
Tahlilchilar O‘zbekiston energetika strategiyasi endi shunchaki ishlab chiqarish vazifasidan ko‘ra ancha keng ma’no kasb etmoqda. Ya’ni, sanoat quvvatini oshirish, ma’lumot markazlari, sun’iy intellekt infratuzilmasi va butun iqtisodiyotni ta’minlaydigan ekotizim yaratish rejasi tuzilgan. Soha muvaffaqiyati nafaqat milliy taraqqiyot, balki butun mintaqa sarmoyaviy muhiti uchun muhim mezonga aylanishi shubhasiz.
Musulmon Ziyo, O‘zA