Vatan ramzlariga hurmat milliy g‘ururni mustahkamlaydi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya tizimida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda harbiy xizmatchilar, tizim xodimlari, faxriylar hamda yoshlar ishtirok etib, davlat ramzlarining mazmun-mohiyati, ularni ulug‘lash va e’zozlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir avvalida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining yaratilish tarixi, uning qabul qilinishi hamda unda aks etgan ramzlarning chuqur ma’nosi haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, Davlat gerbi mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va milliy davlatchiligini ifoda etuvchi muqaddas ramzlardan biridir.
-Gerbimizdagi Humo qushi xalqimizning ezgu orzu-intilishlari, erkinlik va baxt timsoli hisoblanadi. Porlab turgan quyosh esa tinchlik va farovon hayot ramzi. Shuningdek, tog‘lar va daryolar ona yurtimizning betakror tabiati hamda hayot manbaini ifodalaydi. Bug‘doy boshoqlari va paxta shoxlari esa xalqimizning bunyodkorligi, mehnatsevarligi va mo‘l-ko‘l hayotga intilishini anglatadi, - deydi Milliy gvadiya Markaziy devoni bo‘lim boshlig‘i Mahmud Ochilov.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar davlat ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularni ko‘z qorachig‘idek asrash va yosh avlod qalbiga Vatanga sadoqat, milliy g‘urur hamda vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish har bir fuqaroning mas’uliyatli burchi ekanini alohida ta’kidladi.
Tadbirning badiiy qismi ham yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirdi. Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlar va davlat ramzlarini ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar hamda musiqiy chiqishlar ishtirokchilarga yuksak ruh bag‘ishladi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar harbiy xizmatchilar va yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur hamda davlat ramzlariga yuksak hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Nigora Rahmonova,
Salim Obidjonov (montaj), O‘zA