Qurolli kuchlar sohasida doʻstona hamkorlik
Shundan soʻng mamlakatimizda roʻyxatdan oʻtgan elchixonalarning harbiy attashelari oʻquv maskanining Anhor kanali boʻyida barpo etilgan soʻlim va xushmanzara xiyoboniga turli xil daraxt koʻchatlarini ekish tadbirida qatnashdi.
Qurolli Kuchlar akademiyasida xorijiy davlatlar bilan harbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish doirasida “Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashda Qurolli Kuchlarning roli” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman oʻtkazildi.
Tadbirda Xitoy, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Italiya, Qozogʻiston, Pokiston, Janubiy Koreya, Turkiya, Ukraina, Buyuk Britaniya, AQSH davlatlarining Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan elchixonalari harbiy attashelari, shuningdek, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Bojxona, Ichki ishlar vazirligi masʼul ofitserlari hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi va boshqa oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va boshqa oliy taʼlim muassasalarida mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini kafolatlashga qodir kadrlar tayyorlash sifatini oshirish boʻyicha eʼtiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi mintaqada barqaror xavfsizlikni yaratish tamoyillariga amal qilish bilan bir qatorda tinchliksevarlik va doʻstona siyosat tarafdori sifatida xalqaro maydonda oʻziga xos nufuzga ega boʻlib bormoqda.

Ilmiy anjuman dasturiga koʻra, dastlab xorijiy davlatlar harbiy attashelari oʻquv maskanida bunyod etilgan “Harbiy attashelar xiyoboni”da koʻchat oʻtqazish marosimiga taklif etildi. Ushbu marosim oldidan mudofaa vazirining oʻrinbosari, polkovnik H.Qarshiyev qoʻshni va boshqa xorijiy davlatlar bilan harbiy taʼlim sohasida olib borilayotgan oʻzaro aloqalar, buning natijasida erishilayotgan yutuqlarga toʻxtalib oʻtdi va Qurolli Kuchlar akademiyasida barpo etilgan mazkur xiyobon doʻstona hamkorlikning yangi timsoli boʻlib qolishini alohida taʼkidladi.
Shundan soʻng mamlakatimizda roʻyxatdan oʻtgan elchixonalarning harbiy attashelari oʻquv maskanining Anhor kanali boʻyida barpo etilgan soʻlim va xushmanzara xiyoboniga turli xil daraxt koʻchatlarini ekish tadbirida qatnashdi.
Qurolli Kuchlar akademiyasi majlislar zalida oʻtkazilgan ilmiy anjumanda mudofaa vazirining oʻrinbosari, polkovnik H.Qarshiyev dunyoda “COVID-19” pandemiyasi global tarqalgan vaziyatga qaramay tadbirga tashrif buyurganlarga minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar natijalari va istiqboldagi loyihalar toʻgʻrisidagi masalalar har tomonlama muhimligini alohida taʼkidladi.
Ilmiy anjumanda Qurolli Kuchlar hamda IIV akademiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Bojxona institutlari professor-oʻqituvchilari ilmiy maʼruzalar qildi. Qurolli Kuchlarimiz tizimida yoshlarga harbiy bilim berib kelayotgan malakali ustozlar oʻz chiqishlari davomida Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy attashelarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Tadbir yakunida harbiy attashelarga esdalik sovgʻalari va diplomlar topshirildi.