Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining axboroti eshitildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining qurilish sohasida tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari holati va raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axboroti eshitildi.
Eshituvda qurilish sohasida tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni va hajmi yildan-yilga ortib borayotgani, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga barham berish bo‘yicha vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy natijalar qayd etildi.
Ma’lum qilinganidek, vazirlikning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 2025-yilda jami 424 ming 400 ta ob’ekt bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.

Qayd etilganidek, vazirlik tomonidan bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish, ularning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish, shuningdek, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ko‘chmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmaganligi haqida ma’lumot berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Munozaralarda deputatlar tomonidan sohadagi tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari holati yuzasidan mas’ullar oldiga tegishli savollar qo‘yildi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelib tushgan arizalar tahlil qilinib, vazirlik tomonidan rad etilgan arizalarning sabablari muhokama qilindi.
Sohada davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish yuzasidan taklif-tavsiyalar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA