Qurilish ob’ektlari tanqidiy o‘rganildi
Toshkent viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan Toshkent tumanida bunyod etilayotgan hamda foydalanilayotgan bir qator ob’ektlarda o‘rganish ishlari olib borildi.
Jarayonda mas’ullar ko‘p qavatli turarjoy ob’ektida ayrim gazoblok devorlar tasdiqlangan loyiha hujjatlariga zid ravishda qurilgani aniqlandi. Holat joyida ko‘rib chiqilib, loyiha talablariga mos kelmaydigan qismlar buzdirildi hamda quruvchi tashkilotga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, sanoat hududida joylashgan ishlab chiqarish sexidagi ob’ekt foydalanishga qabul qilinmasdan turib faoliyat yuritib kelayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Tadbirkorga zarur hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi tushuntirilib, xodimlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida sex faoliyatini vaqtincha to‘xtatish lozimligi aytildi. Yana bir turar joy majmuasida esa ob’ekt foydalanishga topshirilmasdan turib aholi yashayotgani aniqlandi. Quruvchi tashkilotga qonunchilikda belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish va ob’ektni foydalanishga qabul qildirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, foydalanishga qabul qilinmagan binolardan foydalanish fuqarolar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mutaxassislar tahlillari bo‘yicha 2026-yil boshidan buyon Toshkent tumanida 1 ming 90 ta monitoring tadbiri o‘tkazilib, 315 ta qurilish ob’ektida turli kamchilik va qonunchilik talablarining buzilishi holatlari aniqlangan. Shuningdek, may oyi yakunigacha mas’ul tashkilot va shaxslarga nisbatan 234 ta ko‘rsatma rasmiylashtirilgan.
Qurilish inspeksiyasi tomonidan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
A. Musayev, O‘zA