Auditoriyadan ishlab chiqarishga: Buxoro davlat texnika universiteti talabalari “Asia Trans Gas”da amaliyot o‘tashdi
Iyun oyi boshida Buxoro davlat texnika universitetining 24 nafar talabasi “Asia Trans Gas” MCHJ QKda ishlab chiqarish amaliyotini muvaffaqiyatli yakunladi. Kampus va korxona o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlovchi mazkur amaliy safar nafaqat oliy ta’lim muassasasi va korxonaning kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali hamkorligining yorqin namunasi, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi energetika sohasidagi kadrlar tayyorlash yo‘nalishidagi hamkorlikning chuqur kengayishi ham hisoblanadi.
Bugungi kunda global energetika tuzilmasi chuqur o‘zgarayotgan bir paytda, yuqori malakali mutaxassislar ko‘magisiz neft-gaz tarmog‘ini sifatli rivojlantirib bo‘lmaydi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi energetika hamkorligining yorqin namunasi sifatida “Asia Trans Gas” MCHJ QK kadrlar sohaning barqaror rivojlanishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi ekanligini chuqur anglaydi. Ushbu amaliy dasturning amalga oshirilishi kompaniyaning O‘zbekistondagi ijtimoiy majburiyatlarini bajarish yo‘lidagi muhim qadamidir. Fan, ta’lim va ishlab chiqarishni birgalikda innovatsion rivojlantirish uchun platforma yaratib, korxona ilg‘or texnologiyalar va amaliy tajribani kadrlar tayyorlash resurslariga aylantiradi, mintaqaning energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish uchun uzluksiz intellektual turtki beradi.

Amaliyotning birinchi kunida talabalar ATG rahbariyati bilan uchrashib, nazariya va amaliyotni chuqur uyg‘unlashtirgan o‘quv yo‘lini ochdilar. 14 kunlik amaliyot davomida talabalar BMGQBB Texnik masalalar bo‘limi, Ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish markazi, laboratoriyaga tashrif buyurdilar, shuningdek, sanoat xavfsizligi, uskunalardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish jarayonlari va boshqa mavzular bo‘yicha ixtisoslashtirilgan treninglarda ishtirok etdilar. ATGning tajribali mutaxassislari real holatlarga tayanib, mavhum nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalarga aylantirdilar. Kelajakda bunday ko‘nikmalar talabalarga amaliy bilimlarni kengaytirishda yordam beradi.
Raqamli transformatsiya zamonaviy energetika sohasini rivojlantirishning muhim tendensiyasi va ushbu amaliyotning asosiy qismi hisoblanadi. Talabalar Markaziy dispetcherlik boshqarmasiga tashrif buyurib, gaz quvurlari tizimini real vaqt rejimida monitoring qilish tamoyillari bilan tanishdilar, operatorlarning ish jarayoni va zamonaviy avtomatlashtirish hamda dispetcherlik nazorat tizimlarini o‘rgandilar. Bu kelajakdagi soha mutaxassislariga energetika sohasini rivojlantirish va energiya ta’minoti xavfsizligini ta’minlashda raqamli texnologiyalarning muhim rolini anglashga yordam berdi.

WKC-2 kompressor stansiyasiga amaliy tashrif talabalar uchun asosiy ishlab chiqarish uskunalarining ishlash tamoyillarini yaqindan o‘rganish imkonini berdi. Bu yerda ular kompressor agregatlari, avtomatlashtirish tizimlari va boshqa muhim uskunalar bilan tanishish bilan birga, korxonaning texnik mutaxassislari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Amaliy mashg‘ulotlar davomida korxona xodimlari kompressor agregatlarining ishlash tamoyillari, nazorat va o‘lchov asboblari hamda elektr uskunalari haqida talabalarga gapirib berdilar.
Amaliyot davrida korxona talabalarga soha mutaxassislari bilan muloqot qilish uchun platforma ham taqdim etdi. Talabalar mutaxassislar bilan kasbiy rivojlanish istiqbollari, sohadagi texnologik tendensiyalar va boshqa mavzularni muhokama qilib, kelajakdagi kasbiy faoliyatlari uchun mustahkam poydevor yaratdilar.

Oliy ta’lim muassasasi va korxona hamkorligi asosida ushbu amaliyot dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Buxoro davlat texnika universiteti talabalariga ularning kelajakda kasbiy faoliyatlarida yordam beradigan qimmatli amaliy imkoniyat yaratdi. Kelajakda “Asia Trans Gas” oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, kadrlar tayyorlashning turli modellarini tatbiq etish, mintaqa energetika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish uchun ishonchli kadrlar bilan ta’minlash va O‘zbekiston hamda Xitoy o‘rtasidagi energetika hamkorligi tarixida yanada yorqin sahifalarni yaratishda davom etadi.

O‘zA