“Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish boshlandi
Prezident topshirig‘i – amalda
Prezidentimiz joriy yil 26-27-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l uchastkasini tezyurar poyezdga moslash bo‘yicha loyihani shu yil boshlash, 103 kilometr masofadagi “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘lini elektrlashtirish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.

Davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlab, yo‘lovchilarga zamonaviy qulaylik yaratish, uzog‘ini yaqin qilish uchun muhim infratuzilma loyihasida qurilish ishlari boshlandi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bir guruh nuroniy otaxonlar bilan “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasini amalga oshirishga start berdi. Shu yerda loyiha taqdimoti bilan yaqindan tanishib, uning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, amalga oshirish bosqichlari va kutilayotgan natijalar bilan qiziqdi.

Mutaxassislarning aytishicha, yangi loyiha temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish samaradorligini oshiradi. Transport infratuzilmasini tubdan yangilab, tezyurar poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qumqo‘rg‘ondan Quduqligacha poyezdlar qatnovini ikki soatgacha qisqartiradi.

Loyiha hududda poyezdlar harakatini tezlashtirib, iqtisodiy salohiyatini oshirishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi, logistika imkoniyatlarini kengaytirib, aholiga yanada qulay transport xizmati ko‘rsatishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri