O‘zbekistonga qancha odam doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan?
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va ahamiyati ortib borayotgani statistik raqamlarda ham o‘z aksini topmoqda. Milliy statistika qo‘mitasining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2025-yil davomida 1 ming 159 nafar xorij fuqarosi mamlakatimizni doimiy yashash manzili sifatida tanlagan. Bu ko‘rsatkich yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va mintaqaviy integratsiya jarayonlarining amaliy natijasidir.
Migratsiya oqimlarining geografik tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonga ko‘chib kelayotganlarning asosiy qismi qo‘shni va yaqin hamkor davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ro‘yxatning yuqori pog‘onasini Rossiya Federatsiyasi egallab turibdi — jami ko‘chib kelganlarning salkam 40 foizi aynan shu davlat fuqarolari. Shuningdek, kuchli uchlikdan Qozog‘iston (20,3 %) va Tojikiston (10,3 %) joy olgan. Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari — Qirg‘iziston va Turkmanistondan kelganlar ham sezilarli ulushga ega. Qolgan 22 foizdan ortiq ko‘rsatkich esa dunyoning boshqa turli nuqtalaridan kelgan mehmonlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mamlakat ichidagi taqsimotga nazar tashlasak, Toshkent shahri hamon yuqori o‘rinda qolmoqda. Yangi kelganlarning qariyb 60 foizi (698 nafar) aynan poytaxtni tanlagan bo‘lsa, Toshkent viloyati 275 nafar rezidenti bilan ikkinchi o‘rinda qayd etildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (101 nafar) ham migrantlar e’tiboridagi muhim manzillardan biriga aylangan.
Boshqa viloyatlarda ko‘rsatkichlar nisbatan pastroq bo‘lsa-da, respublikaning deyarli barcha hududlarida yangi fuqarolar ro‘yxatga olingan. Bu holat O‘zbekistonning nafaqat yirik markazlari, balki chekka hududlari ham xorijliklar uchun yashash va faoliyat yuritish uchun qulay muhitga ega ekanini tasdiqlaydi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA