Hududlarga 60 ta elektr chiqindi tashuvchi maxsus texnika yetkazib berildi
Chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish, sanitariya xizmatlari sifatini oshirish va hududlarda tozalikni ta’minlash maqsadida joriy yilda respublika bo‘ylab sanitar tozalash korxonalariga zamonaviy maxsus texnika va uskunalar yetkazib berilmoqda.
Ularning orasida O‘zbekistonga ilk bor olib kirilgan elektr energiyasida harakatlanuvchi chiqindi tashuvchi mashinalar ham bor.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda hududlardagi sanitar tozalash korxonalariga lizing asosida 53 ta chiqindi tashuvchi maxsus texnika, 59 ta motoroller va 165 ta chiqindi yig‘ish konteyneri yetkazib berildi.
Shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimida ekologik toza va energiya tejamkor texnikalardan foydalanishni kengaytirish maqsadida 60 ta elektr chiqindi tashuvchi maxsus texnika O‘zbekistonga ilk bor olib kirilib, sanitar tozalash korxonalariga yetkazib berildi.
Chiqindi poligonlarida ish samaradorligini oshirish, chiqindilarni joylashtirish va zichlash, ichki yo‘llarni saqlash hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun esa 22 ta buldozer xarid qilindi.
Yil oxiriga qadar chiqindi poligonlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida yana 10 ta buldozer, 10 ta avtoyuklagich va 10 ta ekskavatorni Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasining hududiy boshqarmalariga yetkazib berish ishlari amalga oshirilmoqda.
Kelgusida ekologik toza maxsus texnikalarni respublika hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish va sanitar tozalash korxonalarining mavjud ehtiyojlarini qondirish rejalashtirilgan.
Xususan, 2027-yilda qo‘shimcha ravishda kamida 80 ta elektr va gibrid chiqindi tashuvchi maxsus texnika xarid qilinib, sanitar tozalash korxonalariga yetkazib berilishi nazarda tutilgan.
Ayni paytda maxsus texnikalarni hududlarga topshirish ishlari davom etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA