Qo‘qon o‘rdasi: asl qiyofa tiklanadi
Tarixiy xotira va madaniy merosni asrab-avaylash har bir xalqning o‘zligini anglashida muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish va ularning asl tarixiy qiyofasini tiklash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayonda Farg‘ona vodiysining gavhari bo‘lmish Qo‘qon shahri, xususan, uning timsoli hisoblangan Xudoyorxon o‘rdasi alohida o‘rin tutadi.
Tarixiy noyob fotosuratlar va arxiv hujjatlari Qo‘qon o‘rdasi o‘z davrining mintaqadagi eng ulkan va muhtasham saroy majmualaridan biri bo‘lganiga guvohlik beradi. Afsuski, ma’lum tarixiy va siyosiy sabablarga ko‘ra, bu saroyning katta qismi vayron qilingan, uning faqat ma’lum bir bo‘lagi bizgacha yetib kelgan edi. Bugunga kelib, Qo‘qonga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimining keskin ortishi va shaharda xalqaro hunarmandchilik festivallarining an’anaviy o‘tkazilayotgani tarixiy obidalarni asl holiga qaytarish zaruratini kun tartibiga chiqardi.


Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari hamda rahbariyati Qo‘qon shahrining turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha taklif etilayotgan strategik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Muhokamalar markazida Xudoyorxon o‘rdasining asl me’moriy qiyofasini tiklash, xususan, saroy atrofidagi tarixiy darvozalarni qayta barpo etish masalalari turdi.


Ishchi guruh Qo‘qon shahri hokimi va tajribali arxitektorlar bilan birgalikda Qo‘qon muzey-qo‘riqxonasi, Muqimiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hamda o‘rda hududini ko‘zdan kechirdi. O‘rganish davomida xonlar qarorgohining texnik holati, mavjud eksponatlar saqlanishi, shuningdek, saroy hududini kengaytirish va uni kompleks ravishda restavratsiya qilish imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi. Bundan tashqari, hududning iqtisodiy imkoniyatlaridan oqilona foydalanish maqsadida Qo‘qon mexanika zavodining foydalanilmayotgan bino va yer maydonlarini zamonaviy turizm infratuzilmasi ob’ektlariga aylantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Qo‘qon o‘rdasining kengaytirilishi va asl qiyofasining tiklanishi nafaqat tarixiy adolatni qaror toptirish, balki hududning iqtisodiy drayveri bo‘lgan turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Yaqin kunlarda amaliy ishlarga start berilishi kutilayotgan ushbu loyiha Qo‘qonni nafaqat hunarmandlar markazi, balki Markaziy Osiyodagi yirik me’moriy obidalar maskani sifatida dunyoga qayta tanitadi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA