Qiziltepalik fermerlar viloyatda birinchi
Qiziltepalik fermerlar Navoiy viloyatida birinchi bo‘lib davlatga don sotish shartnoma rejasini bajardi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Ayniqsa, g‘allachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va klaster tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hosildorlikning oshishiga xizmat qilmoqda.
Tumanda 256 nafar fermer joriy yil hosili uchun 8 ming 569 gektar yer maydoniga boshoqli don ekishib, parvarishladi. Garchi ob-havo sharoiti noqulay kechgan bo‘lsada, tumanda g‘alla tez fursatlarda o‘rib, yig‘ishtirib olindi. Natijada ular ulkan xirmon yaratib, o‘z oldilariga qo‘ygan rejani bajardi.

Albatta, davlatimiz rahbari boshchiligida qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar, g‘alla yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalardan unumli foydalanish, sohada moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, shu bilan birga yerga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarganligi dalalarda mo‘l hosil yetishtirishga zamin hozirladi.

“G‘olib”, “Qurbon Latif”, “O‘rtacho‘l yulduzi 2018”, “Valiobod”, “Safarobod bog‘i”, “Istam Karol”, “Vang‘ozi Agro eksport”, “Ahmad Namoz”, “Faxriddin Oybek”, “Farmonbobo ne’mati”, “Kosagaron orzusi”, “Shavkat”, “Sardor Sulaymon jasorati”, “Qahramon zamin saxovati”, “Qarsiyamon barakali hosili”, “Xonzurun oqshomi” va “Qo‘lba paxtakori” fermer xo‘jaliklari har gektaridan 80-100 sentnerdan ortiq hosil olishga erishdi.

Erishilgan muvaffaqiyat zamirida fermer va dehqonlar bilan bir qatorda agronomlar, suvchilar, mexanizatorlar, kombayn haydovchilari, klaster mutaxassislari va boshqa soha xodimlarining ham munosib hissasi bor. Ularning hamjihatligi va mas’uliyati tufayli o‘rim-yig‘im ishlari qisqa muddatda va sifatli tashkil etildi.
Ayni kunlarda esa tumanda o‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri