Bo‘zatovda aholi daromadini oshirishga qaratilgan ishlar samara bermoqda
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha og‘ir toifaga kiritilgan Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur hududlarda aholi daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirishning samarali mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu boradagi amaliy ishlar natijasini Bo‘zatov tumani misolida ham ko‘rish mumkin.
[gallery-30035]
Tumanning “Bo‘zatov” mahalla fuqarolar yig‘inida bugungi kunda 812 ta xonadonda 5 ming 552 nafar aholi istiqomat qiladi. Joriy yil mart oyidan boshlab mahalla yettiligi tashabbusi bilan qariyb 30 nafar fuqaroga tadbirkorlik, ishlab chiqarish va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun banklar tomonidan 12 foizli imtiyozli kreditlar ajratildi. Shuningdek, 12 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.
Mahallada yashovchi uy bekasi Malika Joldasbayeva ham erta bahorda tomorqasida yuqori navli kartoshka yetishtirish va parrandachilik faoliyatini kengaytirish maqsadida hokim yordamchisi ko‘magida imtiyozli kredit olgan edi. Ayni paytda uning mehnati o‘z samarasini bera boshlagan.
Bo‘zatov tumanida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA