«Aero Nomad» Toshkent va Bishkek o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi
Yangi aviaqatnov O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi havo qatnovlari imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Qirg‘izistonning «Aero Nomad» aviakompaniyasi Toshkent va Bishkek o‘rtasida muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yangi reyslar ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash, sayyohlik va ishbilarmonlik safarlari uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Bishkek – Toshkent – Bishkek” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlar 2026-yil 23-avgustdan boshlanadi. Reyslar haftasiga ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari Airbus A320 rusumidagi havo kemalarida amalga oshiriladi.
Ayni paytda mazkur yo‘nalishda «Centrum Air» hamda «Uzbekistan Airways» aviakompaniyalari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. «Aero Nomad»ning ham bozorga kirib kelishi bilan “Toshkent – Bishkek” yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshiruvchi aviatashuvchilar soni uchtaga yetadi.
Mutaxassislarning fikricha, raqobatning ortishi aviachiptalar tanlovini kengaytiradi, xizmat sifati yaxshilanishiga turtki beradi va ikki mamlakat o‘rtasidagi havo transporti aloqalarini yanada faollashtiradi. Bu esa turizm, savdo-iqtisodiy hamkorlik va ishbilarmonlik munosabatlarining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Shuningdek, aviakompaniya kelgusida Bishkekdan O‘zbekistonning yana ikki yirik shahri – Samarqand va Urganchga ham muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu rejalar amalga oshsa, mamlakatlar o‘rtasidagi havo qatnovlari geografiyasi yanada kengayadi.
Ma’lumot o‘rnida, «Aero Nomad» 2021-yilda tashkil etilgan Qirg‘iziston aviakompaniyasi bo‘lib, Bishkek xalqaro aeroporti bazasida faoliyat yuritadi. Kompaniya Airbus A320 oilasiga mansub havo kemalarida muntazam hamda charter reyslarini amalga oshirib kelmoqda.
Yangi aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda transport sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA