Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida innovatsion loyihalar ko‘paygan
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, O‘rta Chirchiq tumanidagi don qabul qilish shoxobchasida 2026-yil hosili uchun yetishtirilgan g‘allani qabul qilishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida vazirlik huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ rahbari O‘tkir Mahmudov tomonidan g‘alla qabul qilish jarayonida joriy etilgan “AgroTarozi” axborot tizimining funksional imkoniyatlari taqdim etildi. Taqdimotda raqamli texnologiyalarning sohadagi o‘rni, tizimning afzalliklari, shuningdek, hosil vazni va sifat ko‘rsatkichlarini elektron shaklda qayd etish hamda jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Vazir tizimning amaliy samaradorligi bilan tanishar ekan, mavsum oldidan olib borilayotgan tayyorgarlik ishlarini ijobiy baholadi. Shu bilan birga, mazkur platforma g‘alla qabul qilish jarayonini yanada shaffof, tezkor va samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Navbatdagi manzil hududdagi “Zero Maks Agro Biznes” fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydonlari bo‘ldi. O‘rganish jarayonida vazirga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi direktori Zabardast Bo‘riyev hamrohlik qildi.
Keng dala maydonining 25 gektarlik kontur qismida paxtaning serhosil navi “Shinjon” usulida, qo‘shqator qilib plyonka ostiga ekilgan. Sug‘orish va oziqlantirish ishlari tomchilatib sug‘orishga asoslangan zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirilmoqda. E’tiborlisi, dalaning 15 gektar qismida maxsus rangli qoplama plyonkalardan foydalanilgan.

Ekinlar ayni paytda baravj, sog‘lom rivojlanmoqda. Shuningdek, paxta dalasida yetishtirilayotgan xorijiy g‘o‘za navlarini tashqi ta’sirlardan himoya qilish maqsadida 6 gektarlik maxsus himoya zonalari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu hududda paxtaning mahalliy “Sulton” navi parvarish qilinmoqda.
O‘rganish davomida vazir ishchi guruh tarkibidagi olimlarga tajriba tariqasida qo‘llanilayotgan qizil, yashil va ko‘k rangli plyonkalar ostida unib chiqayotgan g‘o‘za navlarining rivojlanish jarayonini muntazam monitoring qilib borish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi. Xususan, ekinlarning sog‘lomligi, unuvchanligi va yetilish samaradorligini ilmiy asoslangan mexanizmlar orqali chuqur tahlil qilish vazifasi belgilandi.

Umuman olganda, O‘rta Chirchiq tumanida amalga oshirilayotgan bu kabi innovatsion yondashuvlar qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, suv va mehnat resurslarini tejash hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida joylashgan “TCT Fish Cluster” MCHJda amalga oshirilayotgan mutlaqo yangi yo‘nalish – suv ustida sholi yetishtirish loyihasi bilan tanishdi.

Mazkur loyiha doirasida bir gektar suv havzasida Filippin, Tailand, Xitoy va Vetnam tajribasiga asoslangan holda suzuvchi sholi yetishtirilib, innovatsion agrotexnologiyaning amaliy samaradorligi sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu usulning muhim jihatlaridan biri – mahsulotning to‘liq organik holda yetishtirilayotganidir. Zero, havzalarga baliqlar uchun berilgan ozuqa suv muhitida tabiiy o‘g‘it vazifasini bajaradi. Shuningdek, baliqlar va sholi ildiz tizimi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir o‘simlik o‘sishini rag‘batlantirib, hosildorlikni oshiradi.

Natijada ekologik toza hamda yuqori sifatli mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratilmoqda. Ta’kidlanishicha, mazkur texnologiya asosida yetishtirilgan guruch an’anaviy usulda yetishtirilgan mahsulotlarga nisbatan sifat va narx jihatidan ikki barobar ustunlikka ega. Bu esa ichki bozorda raqobatbardoshlikni oshirish, shuningdek, eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

E’tiborlisi, ushbu tajriba Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan kompleks tarzda amalga oshirilmoqda. Loyiha nafaqat Quyi Chirchiq tumanida, balki Farg‘ona viloyatining Yozyovon, Namangan viloyatining Mingbuloq hamda Toshkent viloyatining Bekobod tumanlarida ham joriy etilmoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishning istiqboli yuqori ekanini ko‘rsatadi.
A.Musayev, O‘zA