Qayta tiklanuvchi energiya ulushi 45 foizdan oshdi
Yurtimizda energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi izchil oshib bormoqda. Bu elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gaz sarfini qisqartirish, energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026-yil 24-iyun kuni soat 15:00 holati bo‘yicha respublikada elektr energiyasi iste’moli 11 365 MVtni, ishlab chiqarish hajmi esa 11 728 MVtni tashkil etgan.
Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 5 310 MVt qismi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 585 MVtga yoki 42,6 foizga ko‘pdir.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasining ortishi natijasida issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarish hajmi 7 243 MVtdan 6 293 MVtgacha qisqardi. Bu esa IESlarda tabiiy gaz sarfini 293 ming kub metrga kamaytirish imkonini berdi.
Natijada generatsiya tarkibida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 2025-yil 24-iyun kuni soat 15:00 holatidagi 33,6 foizdan 45,3 foizgacha oshdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur ko‘rsatkichlar “yashil” energetika ulushi ortib, tabiiy gaz sarfi qisqarayotganidan dalolat beradi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA