O‘zbekiston yadroviy infratuzilmasi XAEA ekspertlari e’tiborida
“O‘zatom” agentligida Xalqaro atom energiyasi agentligining milliy yadroviy infratuzilmani kompleks baholash (INIR) bo‘yicha ikkinchi bosqich kuzatuv missiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Missiya doirasida O‘zbekistonning atom energetikasi dasturini amalga oshirish jarayoni, bu borada erishilgan natijalar hamda ustuvor vazifalar atroflicha tahlil qilindi. Uchrashuvlar davomida XAEA ekspertlari tomonidan bildirilgan savollarga “O‘zatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasi vakillari tomonidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Muhokamalar markazida radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, milliy elektr tarmoqlarini rivojlantirish va atom sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari o‘rin oldi. Xususan, radiologik monitoring tizimlarini takomillashtirish, sohadagi davlat nazorati mexanizmlarini mustahkamlash hamda energiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, bo‘lajak atom elektr stansiyasini mamlakat energetika tizimiga integratsiya qilishga qaratilgan tayyorgarlik jarayonlari ham muhokama etildi.
Kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ekspertlar tomonidan yadroviy energetika sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ijobiy baholandi. XAEA bilan hamkorlikda tashkil etilgan ta’lim dasturlari, shuningdek, sohada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda zarur kadrlar zaxirasini shakllantirish borasidagi ishlar muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Shuningdek, jamoatchilik bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, atrof-muhit muhofazasi va yadroviy jismoniy xavfsizlikni ta’minlash masalalari ham muhokamalarning muhim qismi bo‘ldi. Forish tumanida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvlari natijalari, aholini xabardor qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda qurilish jarayoniga mahalliy kontentni keng jalb etishga qaratilgan yondashuvlar yuqori baholandi.
E’tiborlisi, O‘zbekistonning XAEA talab va standartlariga muvofiq yadroviy infratuzilmani shakllantirish, jismoniy himoya tizimini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida olib borayotgan sa’y-harakatlari ekspertlar tomonidan muhim yutuq sifatida qayd etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA