Qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini o‘rganish bo‘yicha memorandum imzolandi
So‘nggi yillarda yurtimiz energetika sohasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, energiyani saqlash tizimlarini joriy etish va sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada xalqaro energetika kompaniyalari bilan yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkentda Saudiya Arabistonining “Acwa” kompaniyasi Janubiy Koreyaning “Korea Western Power Co., Ltd.” (KOWEPO) kompaniyasi bilan O‘zbekistondagi qayta tiklanuvchi energiya bozori imkoniyatlarini baholash bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi. Mazkur kelishuv mamlakat energetika sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Kelishuvga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiyani saqlash tizimlari va ular bilan bog‘liq infratuzilma bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini birgalikda baholaydi. Bundan tashqari, ushbu loyihalarga Koreya moliyaviy manbalarini jalb etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.
Marosimda ishtirok etgan “Acwa” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Abid Malik mazkur kelishuv kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Ushbu hamkorlik O‘zbekiston energetika sohasiga nisbatan xalqaro ishonch ortib borayotganini aks ettiradi hamda QTEM va tegishli infratuzilma sohasidagi imkoniyatlarni o‘rganish uchun platforma yaratadi. Shuningdek, biz Koreya moliya institutlarini jalb qilish va O‘zbekistonda davom etayotgan energetik transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash yo‘lida birgalikda ishlashdan umidvormiz, – dedi Abid Malik.
Hamkorlikning yana bir muhim jihati esa O‘zbekistonning Janubiy Koreyaning energetik transformatsiya sohasidagi tajribasidan foydalanish imkoniyatidir. “KOWEPO” Koreyada “yashil” energetikaga o‘tish jarayonida ishtirok etib, qazilma yoqilg‘ilardan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha amaliy tajriba to‘plagan.
Shu bois “KOWEPO” bosh direktori Li Jun Bok memorandumni O‘zbekistonning QTEM bozori imkoniyatlarini o‘rganish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
– Biz hamkorlik istiqbollarini baholab, o‘zimizning kuchli jihatlarimiz va tajribamizni qo‘llashdan umidvormiz. Yaqin Sharqda orttirilgan biznes tajribasi hamda dunyoga mashhur kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalariga tayanib, biz yangi rivojlanish imkoniyatlarini izlashda davom etamiz, – dedi u.
“KOWEPO”ning bu boradagi tajribasi nafaqat Koreyada, balki Yaqin Sharqda amalga oshirayotgan loyihalarida ham namoyon bo‘lmoqda. Ayni paytda kompaniya mazkur mintaqada to‘rtta energetika loyihasini amalga oshirmoqda. Ularda 3,5 GVt quvvatga ega qayta tiklanuvchi energiya ob’ektlari va 877 MVtlik bug‘-gaz qurilmalarini qurish hamda ulardan foydalanish ishlari olib borilmoqda.
Kompaniya ushbu tajribasini O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda yangi loyihalarni izlashda ham qo‘llashni rejalashtirmoqda. Bu jarayonda “KOWEPO Yaqin Sharqda orttirgan biznes tajribasini “Acwa”ning mintaqadagi imkoniyatlari bilan birlashtirish niyatida.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA