JCI – ishonchning oltin standarti: bemorlar va hamkorlar uchun yangi imkoniyatlar
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov 25-26-avgust kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan «JCI — ishonchning oltin standarti: bemorlar va hamkorlar uchun yangi imkoniyatlar» mavzusidagi birinchi Xalqaro tibbiy turizm forumida ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Tojikiston, Armaniston, BAA va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq tibbiyot tashkilotlari rahbarlari, xususiy tibbiyot vakillari, tibbiy turizm operatorlari, farmatsevtika va tibbiy texnika kompaniyalari, sug‘urta hamda IT sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida Agentlik direktori Abdulla Azizov O‘zbekistonda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish va mamlakatimizni mintaqaviy tibbiy turizm markaziga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir doirasida tibbiy turizmni rivojlantirish, JCI akkreditatsiyasi, xalqaro sifat standartlarini joriy etish, tibbiyotni raqamlashtirish, xususiy tibbiyot salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirokida ma’ruzalar va panel muhokamalari, zamonaviy tibbiy texnologiyalar taqdimotlari, B2B uchrashuvlar hamda ishbilarmonlik muzokaralari o‘tkazildi.
Tadbir davomida xalqaro akkreditatsiya standartlari, tibbiy xizmatlar sifatini boshqarish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish hamda xususiy tibbiyot muassasalarining xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlari bo‘yicha tajriba almashildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA