Qatar amiri Suriyada
Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Bashar Asad qulagandan keyin mamlakatga tashrif buyurgan birinchi arab yetakchisi sifatida Damashqqa keldi. Suriyaning muvaqqat Prezidenti Ahmad Al-Shara’ oliy martabali mehmonni poytaxt xalqaro aeroportida kutib oldi.
Uchrashuvda Bosh vazir Muhammad Al-Bashir, tashqi ishlar va mudofaa vazirlari Asad Ash-Shayboniy, Murhaf Abu Qasra ham ishtirok etdi.
Qatar Asad o‘tgan yil dekabr oyi boshida Moskvaga qochib ketishidan oldin, 13 yillik fuqarolar urushi davrida ham muxolif guruhlarni qo‘llagan.

– Shayx Tamimning tashrifi o‘zaro munosabat sezilarli darajada yaxshilanganidan dalolat, – yozgan QNA axborot agentligi. – Qatar Suriyaning tiklanishida muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.
Siyosiy tahlilchi va yozuvchi Xolid Valid Mahmud fikricha, Shayx Tamimning qarori “o‘ta ramziy va tarixiy” ahamiyatga ega.
– Mazkur tashrif diplomatik yo‘llarni qayta ochishi, Damashqdagi barqaror siyosiy kelishuvni qo‘llab-quvvatlashi, Qatarning AQSH va Turkiya bilan mustahkam aloqalari hamda Suriya va Yaqin Sharqdagi ishonchli vositachilik mavqeini ta’kidlashi mumkin, – deydi u.
Qatar Suriyani qayta qurish, xususan fuqarolar urushi natijasida vayron bo‘lgan energiya, transport va uy-joy kabi muhim tarmoqlarni tiklashga ko‘maklashadi.
Arab tadqiqot va siyosat markazi ilmiy xodimi Ahmad Qosim Husayn esa Amirning tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida siyosat, iqtisodiyot va mudofaa sohalaridagi sheriklik ahamiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Qatar Al-Shara’ boshchiligidagi yangi rahbariyatni qo‘llab-quvvatlayotgani 2011 yil yopilgan Damashqdagi elchixonani qayta ochish qarorida ham namoyon.
Muharrama Pirmatova, O‘zA